Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Elektr tarmog‘iga ulash ishlarini muddatida yakunlamagan korxonalar tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi
Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.
“Elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘pchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham ayni haqiqat. Bu masala bo‘yicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning o‘zida ilk bor 3 trillion so‘m mablag‘ ajratganmiz. Oldingi yillarda bu ishlarning 10 foizi ham bo‘lmagan.
Agar tahlil qilib ko‘rsak, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste'molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste'mol hajmi 30 foizga oshgan. Shu bois, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida, tariximizda ilk bora bu sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va xususiy biznes kirib keldi. Natijada, shu yil yakuniga qadar to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin ko‘paytirib, 2023 yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart.
Elektr tarmoqlariga ulanishdagi jarayonlarning murakkabligi, muddatlar uzoqligi va xarajatlar yuqoriligi tadbirkorlarning haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Masalan, iste'molchilarning 75 foizi 20 kilovattgacha quvvatli elektr ishlatadigan kichik sexlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisoblanadi. Lekin, ularga ham xuddi yirik korxonalar bilan bir xil talablar qo‘yilgan.
Energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan, ushbu masalada yangi, qulay tizim joriy etiladi. Bunda, elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi. Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr ta'minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi. Ushbu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.
Umuman, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya resurslari bilan ta'minlash mas'uliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishini qonun bilan mustahkamlab qo‘yamiz”, dedi prezident.
Mavzuga oid
18:03 / 24.08.2025
Iordaniya podshohi davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
14:35 / 18.02.2025
“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi
11:50 / 18.02.2025
Namanganda gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan tadbirkor aniqlandi
18:54 / 17.02.2025