O‘zbekiston | 14:00 / 20.08.2021
4692
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar yana 4 yilga uzaytiriladi

Xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bog‘lashda transport-logistika masalalari muhimligini sizlar hammadan yaxshi tushunasizlar. Bu borada, transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilishi natijasida qariyb 800 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar ushbu korxonalar tomonidan eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettiramiz. 

Buning uchun, birinchidan, yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berganimiz hisobiga, avtotransportda tashish xizmatlari 2 baravarga arzonlashdi, yuk hajmi esa 1,5 baravarga oshdi. Lekin, bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Shu bois, 40 dan ziyod tadbirkorlar ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan. Bularni inobatga olib, imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish bo‘yicha kuni kecha yangi qarorni imzoladim.

Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliya qo‘mitasi bilan birga, ikki oy muddatda temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqsin. Bunda, tadbirkorlarga o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo‘lishi kerak.

Shuningdek, Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e'lon qilib boradi.

Temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga o‘xshab, faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin. Shuning uchun, kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi.

Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida shakllanadi. Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi”, dedi prezident.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid