O‘zbekiston | 16:09 / 21.08.2021
8668
2 daqiqa o‘qiladi

50ta bog‘chada amalga oshirilgan ta'mirlash ishlarida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan

Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda 2017-2020 yillarda Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan maktabgacha ta'lim tashkilotlari obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarida budjet mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanganini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, 2021 yilning I yarim yilligida maktabgacha ta'lim tizimining qurilish sohasida 89ta holatda moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. 2019-2020 yillar va 2021 yilning I yarmida 50ta MTTda amalga oshirilgan kapital ta'mirlash ishlarida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Oliy ta'lim tizimida o‘tkazilgan o‘rganishda 2ta oliygohda buxgalteriya xizmatining xodimlari tomonidan mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangan.

Majlisda moliyaviy intizomni kuchaytirish va budjet daromadlarini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Aniqlangan korrupsiya holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar ko‘rish yuzasidan xalq ta'limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, transport, energetika vazirlari, shuningdek, Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari axboroti eshitildi.

Majlis yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi to‘g‘risidagi nizom hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar to‘g‘risida namunaviy nizomlar, Milliy kengashning 2021 yilning ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid