«Tolibon»ning Afg‘onistondagi hukmronligi xalqaro maydondagi holatga qanday ta'sir o‘tkazishi mumkin?
Jo Bayden ma'muriyatining Afg‘onistondan tezlik bilan chiqib ketish qarori bu qarorni afg‘on xalqiga va Afg‘onistonda jang qilganlarga nisbatan keraksiz xiyonat deb baholagan sharhlovchilarni AQSh prezidentini tanqid qilishga undadi.
Kobul aeroportidan olingan kayfiyatni xira qiluvchi suratlar ham bu qarashni yanada mustahkamladi. Aslida, haqli bir ravishda tuyg‘ularga ta'sir qiladigan mavzu bu.
G‘arb Afg‘oniston uchun qonini, vaqtini va pulini sarfladi. Afg‘oniston xalqi esa bundan-da ko‘prog‘ini...
Bayden ma'muriyatining Afg‘onistondan tezda chiqib ketish qaroriga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarga qarshi chiqish qiyin. Ehtimol, Afg‘oniston qutqarib qolish imkonsiz, korrupsiya botqog‘iga botgan mamlakat bo‘lishi mumkin. Ammo bunday demoq Afg‘onistonning oxirgi 2 yilda emas, balki oxirgi 20 yilda yo‘qotilganini bildiradi.
Nima bo‘lishidan qat'i nazar, bunday tez chekinish AQShning ishonchliligiga, uning yaxshi sherik ekanligi va dunyoviy masalalarda o‘ziga xos axloqiy pozitsiyasiga ega ekaniga oid fikrlarga jiddiy zarba berdi.
Xo‘sh, bu qaror Baydenning prezidentlikka kirishishdan oldin «Amerika qaytdi» degan iborasi bilan qay darajada mos?
Vetnam bilan ba'zi taqqoslashlar qilindi. AQSh fuqarolarining kommunistik kuchlar qo‘liga o‘tayotgan shahardan vertolyotlar bilan evakuatsiya qilinishi gazetalarning mana shunday o‘xshatishlariga sabab bo‘ldi. Ammo yuzaki o‘xshashliklarga qaramay, bu ikki holatda jiddiy farqlar ham bor.
Janubiy Vetnam AQSh qo‘shinlari olib chiqilganidan ikki yil o‘tgach qulagandi. AQSh chiqib ketgach, Afg‘onistonda ham o‘z ittifoqchilari yarim yilgacha hokimiyatda qolishini kutayotgandi. AQSh Vetnamda sharmisor bo‘lgandi. Amerika jamiyati chuqur bo‘linishga uchragan, voqealar armiya ruhiyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgandi.
Boshqa tomondan, Vetnam sovuq urushning fojiali epizodi bo‘lsa-da, bu urushda AQSh g‘olib chiqdi.
O‘shanda NATO kuchsizlanmagandi, AQShning butun dunyodagi ittifoqchilari Vashington ularni qo‘llab-quvvatlaydimi, degan savolni bermagandi. AQSh tengsiz bir super kuch edi.
Afg‘oniston esa Vetnamdan keskin farq qiladi. AQShning Afg‘onistondagi operatsiyasi aholi orasida Vetnam urushiga o‘xshash ichki bo‘linish yaratmadi. Umumiy bir norozilik bo‘lsa-da, Afg‘oniston missiyasini tugatish choralari ko‘rilmadi.
Eng muhimi, bugungi xalqaro sahna 1970-yillardagidan tubdan farq qiladi. Umuman olganda, AQSh va G‘arb bugun bir necha mojaroning ichida va ulardan faqat ayrimlaridagina aniq bir muvaffaqiyat mavjud.
Afg‘onistonning qulashi terrorizmga qarshi kurash deb ataluvchi operatsiyalar uchun ham potensial falokat bo‘ldi. Vashingtonning bu muvaffaqiyatsizligi demokratiya va avtoritarizm o‘rtasidagi keng qamrovli kurashda ham ulkan muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanmoqda.
Yevropada, Moskva va Pekindagi fikrlar
Bu holat Moskva va Pekinning kulgisiga sabab bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda, hozircha... Demokratiya va qonun ustuvorligini targ‘ib etishni maqsad qilgani aytiladigan G‘arb uslubidagi liberal intervensionizm modeli Afg‘onistonda sinovdan o‘tkazilayotganda vayron qilindi. Bundan so‘ng bu kabi tashabbuslarning qo‘llab-quvvatlanishi qiyin masala bo‘lib ko‘rinmoqda.
Afg‘oniston loyihasini qo‘llab-quvvatlagan AQSh ittifoqchilari uchun ham bu halokatli bo‘ldi. Ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Hatto Vashington bilan «alohida munosabatlar»ni ma'qul ko‘ruvchi ingliz vazirlari ham Baydenning qarorini ochiq tanqid qilishmoqda.
Bu holat, bir tomondan, Amerikaning Yevropadagi ittifoqchilari AQShga qanchalik qaram ekanligini, ikkinchi tomondan esa Oq uy biror qaror qabul qilgach, uning atrofidagi gap-so‘zlarga qanchalar e'tiborsiz bo‘lishini ham ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi voqealar G‘arb uchun yomon xabardir. Xo‘sh, Pekin, Moskva va hatto Islomoboddagi yuzlar qachongacha kulishda davom etadi?
«Tolibon»ga boshpana bergan va bu tashkilotni o‘zining geosiyosiy maqsadlari uchun qo‘llab-quvvatlagan mamlakat Pokiston edi. Ammo agar «Tolibon»ning yangi ma'muriyati avvalgidek bo‘lsa, ya'ni xalqaro terrorizm Afg‘onistonda o‘ziga yangi boshpana topsa, Pokiston ham mintaqadagi beqarorlikning salbiy oqibatlariga duch kelishi mumkin.
Xitoy esa AQShning muvaffaqiyatsizligidan xursand. Agar Baydenning Afg‘onistondan chiqib ketishining sababi o‘z mamlakati resurslarini tobora yuksalib borayotgan Xitoyga qarshi ishlatish bo‘lsa, bu qadam Xitoyga Afg‘oniston va mintaqaga ko‘proq ta'sir qilish imkoniyatini berdi.
Biroq o‘rtada Xitoyni ham xavotirga soluvchi manzara bor. Xitoy Afg‘oniston bilan qisqa chegaraga ega. Xitoy o‘z hududidagi diniy ozchilik - uyg‘urlarga nisbatan zulm qilmoqda, Pekinga qarshi terrorchilar tomonidan Afg‘oniston tayanch hudud sifatida ishlatilish ehtimoli esa uni xavotirga soladi. Shu ma'noda, so‘nggi haftalarda Xitoyning «Tolibon» bilan diplomatik yaqinlashuvga intilgani ajablanarli emas.
Beqarorlik va terrorizmning qaytishi Rossiyani ham tashvishga soladi. Ehtimol, sovetlar ittifoqining 1980-yillar oxirida afg‘on qabilalari jangchilari tomonidan sharmanda etilishiga o‘xshash holatni AQSh ham boshidan kechirayotgani tufayli ruslar o‘zlarini yaxshi his qilishayotgandir.
Lekin Rossiyaning asosiy manfaati – asosan uning ittifoqchilaridan tashkil topgan Markaziy Osiyo xavfsizligidir.
Rossiya shu yilning yozida o‘z tanklarini Tojikiston-Afg‘oniston chegarasiga yuborish orqali mashq o‘tkazdi. Bundan maqsad Afg‘onistonning ehtimoliy qulashi ortidan yuzaga keladigan mojarolarning qo‘shni davlatlarga «sachrashi»ga yo‘l qo‘ymaslikka qat'iy qaror qilganini ko‘rsatish edi.
Ya'ni Afg‘oniston mag‘lubiyati qisqa muddatda, shubhasiz, G‘arbga qarshi bo‘lganlarning manfaatlariga uyg‘un bo‘ladi. Ammo ular baribir o‘z munosabatlarini o‘zgartirishlari kerak.
Bu holatning Vashington ittifoqchilari uchun muayyan oqibatlari bo‘ladi.
Mavjud inqiroz fonida NATO a'zolari, Isroil, Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiya AQShni ishonchsiz ittifoqchi sifatida ko‘radimi?
Agar shunday bo‘lsa, Baydenning Afg‘onistondan chiqib ketishi juda ham dahshatli qarorga aylanadi.
Mavzuga oid
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
09:02 / 20.11.2024
Qayta saylanmaslik erkinligi: Bayden Kiyevga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqda
05:07 / 18.11.2024