Jahon | 10:44 / 22.08.2021
34188
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Rossiya elchixonasidan Panjsherdagi qarshilik kuchlariga “siyosiy signal” yetkazishni so‘rashdi

“Tolibon” harakati vakillari Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasiga tashrif buyurishdi va Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchilariga siyosiy kelishuvga tayyorliklari haqida “signal” yetkazib qo‘yishni so‘rashdi. Bu haqda Rossiyaning Kobuldagi elchisi Dmitriy Jirnov ma'lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Uning ta'kidlashicha, Rossiya elchixonasiga toliblar siyosiy ofisining yuqori lavozimli vakili kelgan. “U Rossiya Afg‘onistondagi turli siyosiy kuchlar orasida katta nufuzga egaligidan foydalanib, panjsherliklarga siyosiy signal yetkazishni so‘radi”, deb aytgan Jirnov.

Rossiya elchisining ta'kidlashicha, toliblar Panjsher yetakchilariga ular ushbu hududga kirishga hali birorta urinishni amalga oshirmagani hamda vaziyatni siyosiy kelishuv orqali tinch yo‘l bilan hal qilishga umid qilishayotganini yetkazishni so‘rashgan. Jirnovning aytishicha, toliblar qon to‘kilishini istashmayapti va muloqotga tayyorlar.

Rossiya vakilining ta'kidlashicha, Kobulda vaziyat 8 kundan beri osoyishta qolmoqda va elchixona vakillari bunga o‘z ko‘zlari bilan ishonch hosil qilish uchun shaharga chiqishgan. “Kobulda do‘konlar ishlab turibdi, hammasi risoladagidek ketmoqda. Toliblar Kobul aeroportida ham tartib o‘rnatishni boshlashdi. Poytaxtda toliblarga qarshi namoyishlar o‘tkazilmayapti”, deb ta'kidlab o‘tgan Jirnov.

Ayni vaqtda Panjsherda toliblarga qarshi kuchlar to‘planmoqda. Qarshilik kuchlariga taniqli dala qo‘mondoni, 1980-yillarda ushbu vodiyni sovetlardan muvaffaqiyatli himoya qilgan, keyin 1990-yillarda fuqarolik urushi vaqtida toliblarga qarshi ulkan g‘alabalarga erishgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li Ahmad Mas'ud va Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih asos solishgan.

Ahmad Mas'ud agar toliblar bu hududga hujum qilsa, qat'iy javob qaytarilishini ma'lum qilgan. Ammo ayrim ekspertlar Panjsher shu vaqtgacha taslim qilinmaganining sababi – toliblar bu hududga jiddiy hujum uyushtirmagani ekanini aytishmoqda.

Mavzuga oid