O‘zbekiston | 17:15 / 24.08.2021
3568
2 daqiqa o‘qiladi

«Tez yordam»ning bitta chaqirig‘iga o‘rtacha 5118 so‘mlik dori-darmon ishlatiladi - SSV

O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatining bitta chaqirig‘iga o‘rtacha 5118 so‘mlik dori-darmon sarflanadi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 6 oyi davomida “tez yordam” tizimiga dori-darmon xarajatlari uchun 29,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. 2020 yilda pandemiya tufayli bu ko‘rsatkich 75,3 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etgan.

Ta'kidlanishicha, “103” xizmatining bitta chaqirig‘iga sarflangan dori-darmon uchun minimal xarajatlar o‘rtacha 5118 so‘mni tashkil qilmoqda. Joriy yilda “Tez yordam” ko‘chma brigadalari soni 105taga ortgan.

“Bilamizki, olis va chekka hududlarda yashaydigan aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan to‘liq qamrab olish, ularga bu yo‘nalishda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun “tez yordam” brigadalarining yetishmasligi, hududlarda bu borada kerakli shart-sharoitning yo‘qligi og‘riqli masala edi.

Bu yo‘nalishda raqamlarga murojaat qilsak, 2021 yilning ayni davriga kelib, “103” xizmati ko‘chma brigadalari soni 2681taga yetdi. Bu raqam o‘tgan 2020 yilning shu davrida 2576tani tashkil qilgan edi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, tez tibbiy yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish radiusi o‘rtacha 15-20 kilometr masofadan 8-12 kilometr masofagacha qisqargan.

Shu bilan birga, “103” raqami markazlashtirilishi hamda muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmati – Call-markazlarining tashkil etilishi orqali bugungi kunda chaqiriqlarga yetib borish vaqti o‘rtacha 8-12 daqiqani tashkil qilayotgani aytilgan.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid