«Tolibon»ning navbatdagi taqiqlari, mamlakat iqtisodiy kollaps arafasida, Panjsherda noaniqlik. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar
AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan evakuatsiyani yakunlash muddatini 31 avgustdan keyinga qoldirmaslikka qaror qildi, mamlakatda tez orada iqtisodiy kollaps yuzaga kelishi mumkin.
Afg‘onistonda ishlovchi ayollar qoidalar tizimi ishlab chiqilmaguncha uyda qolishi kerak. Bu haqda «Tolibon» rasmiysi Zabihullo Mujohid ma'lum qildi.
Shu bilan birga, toliblar vakili bu vaqtinchalik chora ekani, bundan maqsad ayollarning xavfsizligini ta'minlash hisoblanishini qo‘shimcha qilgan.
«Xavfsizlik kuchlarimiz ayollar bilan qanday muomala qilish, ular bilan qanday so‘zlashish kerakligini bilmaydi. To‘liq xavfsizlikni ta'minlamagunimizcha ayollardan uyda qolishlarini so‘raymiz», degan u.
Avvalroq BMT Afg‘onistonda ayollar huquqi buzilishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilayotgani haqida xabar bergandi.
Sputnik Afg‘oniston xabariga ko‘ra, toliblar Badaxshon viloyatida alkogol va giyohvand moddalar savdosi uchun qattiq jazo qo‘llanishi haqida e'lon qilgan. Toliblarning ushbu viloyatga tayinlagan gubernatori Nisor Ahmad Ahmadiy Fayzobod shahri aholisi vakillari va jurnalistlar qarshisida qilgan chiqishida alkogol va narkotik moddalar sotuvi, shuningdek, musiqa tinglaganlik uchun shariat qonunlari bo‘yicha jazo berilishini ma'lum qilgan. U shuningdek, o‘g‘rilarning qo‘li kesilishini eslatib o‘tgan.
Toliblar mamlakatdan dollar va madaniy boyliklarni olib ketishni ham taqiqlashdi.
«Tolibon» vakili bugundan e'tiboran mamlakatdan xorijiy valuta va tarixiy yoki madaniy qadriyat hisoblangan buyumlarni olib chiqish taqiqlanishini ma'lum qildi.
Xorijiy valuta yoki madaniy boyliklar bilan qo‘lga tushgan odamlar shariat sudi qarshisida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Jahon banki ham Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi, mamlakatda tez orada iqtisodiy kollaps yuzaga kelishi mumkin
Toliblar Afg‘onistonning valuta zaxiralaridan foydalana olishmaydi, ularning katta qismi AQShda joylashgan. 15 avgust kuni Kobul toliblar tomonidan egallangach, AQSh moliya vaziri Janet Yellen Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi va Davlat departamenti bilan kelishgan holda Afg‘onistonning Amerika banklaridagi davlat zaxiralarini muzlatib qo‘yish haqida qaror qabul qilgandi.
Xalqaro valuta fondi (XVF) ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil aprel oyi holatida Afg‘oniston hukumati zaxiralari 9,4 milliard dollar bo‘lgan, bu mamlakat yillik yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Bu mablag‘lar asosan AQShda saqlanadi, Amerika banklaridagi mablag‘lar 7 milliard dollar atrofida.
Afg‘oniston markaziy bankining zaxiralari 9 milliard dollarga yaqin, lekin ularning deyarli barchasi mamlakat tashqarisida saqlanadi.
Avgust oyi boshida, toliblar viloyatlar markazlarini egallay boshlaganidayoq, AQSh Moliya vazirligi pul «Tolibon» qo‘liga tushmasligi uchun mamlakatga naqd dollar yetkazib berishni to‘xtatish to‘g‘risida shoshilinch qaror qabul qilgandi.
XVJ «Tolibon» hokimiyatini tan olish masalasi noaniqligi sababli Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatgan (440 million dollar).
Jahon banki ham Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish dasturini (mamlakatni tiklash bo‘yicha loyihalar) muzlatdi. Tashkilotdagilar «Tolibon» hokimiyatni egallashi mamlakat taraqqiyoti istiqbollariga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan xavotirlanmoqda.
Yana kimlar:
- Germaniya Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish dasturini to‘xtatgan - bu yil mamlakatga 300 million dollarlik yordam taqdim etilishi kerak edi. Shvetsiya va Finlyandiya ham shunday yo‘l tutdi.
- Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston taraqqiyoti uchun yordam qilishni to‘xtatdi (2021-2024 yillarda bu yordam hajmi 1,4 mlrd dollarni tashkil etishi kerak edi). Boshqa tomondan insonparvarlik yordami hajmi ko‘paytiriladi.
- 19 avgust kuni Britaniya ham insonparvarlik yordami hajmi joriy yilda 268 mln funtga qadar oshirilishini ma'lum qildi. Hukumat hozircha bu to‘lovlarga toliblarning Afg‘onistonni egallashi qanchalik ta'sir ko‘rsatishi borasida munosabat bildirmadi.
- O‘tgan yili donor davlatlar konferensiyasida Afg‘onistonga 12 mlrd dollarlik yordam va'da qilingandi. Mamlakat toliblar qo‘liga o‘tishi bu to‘lovlar amalga oshirilishiga qanday ta'sir ko‘rsatishi hozircha noma'lum.
NBC News ekspertlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat tomonidan tezkor yordam ko‘rsatilmasa, Afg‘onistonni iqtisodiy kollapsdan bir necha oy yoki bir necha hafta ajratib turibdi - 10 kundan buyon mamlakatda banklar yopiq, aktivlar muzlatilgan, xorijdan yordam kelishi to‘xtagan. Mamlakat budjetining 80 foizini xorijdan keladigan moliyaviy yordamlar shakllantirardi.
Toliblar ko‘rayotgan choralar esa vaziyatni o‘nglashi dargumon. Dushanba kuni Afg‘oniston banklar assotsiatsiyasi Hoji Muhamad Idris markaziy bankka rahbar bo‘lgani haqida xabar berdi. Sobiq moliya vaziri Gul Maqsud Sobit avval Idris haqida hech narsa eshitmaganini aytdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, u bungacha 20 yil mobaynida Pokistondagi Ravalpindidagi madrasada o‘qituvchilik qilgan.
15 avgust kuni milliy valuta keskin qadrsizlangan, AQSh dollariga nisbatan kurs 8 foizga arzonlagandi.
«Hech narsa bo‘lmayapti. Hech qanday valuta almashinuvi yo‘q. Odamlarning qo‘lida naqd pul bor, ammo pulga valuta sotib olisholmaydi», degan ayni vaqtda Kaliforniyadagi kollejda ma'ruzachilik qilayotgan sobiq vazir.
Pentagon: evakuatsiya oxirgi kungacha davom etadi, eng oxirgi kunda harbiylar olib chiqiladi
Pentagondagi matbuot anjumanida hududiy operatsiyalar xavfsizligi bo‘yicha bo‘lim direktori, general-mayor Henk Teylor bir qancha muhim raqamlarni keltirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni Kobuldan 42 samolyotda AQShning 11200 fuqarosi va 38 mamlakatga mansub bo‘lgan 7800 kishi olib chiqilgan. Samolyotlar aeroportdan har 39 daqiqada uchib ketishgan.
Aeroportda parvozni kutib hamon 10 ming kishi to‘planib turibdi, ammo odamlar kelishda davom etmoqda.
Pentagon vakili Jon Kirbi evakuatsiya «oxirigicha davom etishi» haqida gapirdi.
«Ammo so‘nggi kunlarda birinchi navbatda harbiy personal va qurilmalarni evakuatsiya qilishga ustunlik beramiz», degan u.
«Ammo bu parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan va ketishni istaydiganlarni olib ketmaymiz degani emas», deya qo‘shimcha qilgan u.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Vashingtongacha afg‘on qochqinlari chiqqan beshta reys uchib borib bo‘lgan. Teylorning aytishicha, 1200 migrant tekshiruvlardan o‘tgan.
U evakuatsiya jarayonidan keyin aeroport «Tolibon» nazoratiga o‘tishini ma'lum qilgan.
«Toliblar aeroportni o‘zlari boshqarishiga to‘g‘ri keladi, yoki xalqaro hamjamiyat yordam ko‘rsatishi mumkin», degan Teylor.
Shu vaqtgacha Kobuldan evakuatsiya qilinganlarning jami soni 90 mingga yaqinlashgan.
Panjsher bo‘yicha ilk muzokaralar o‘tkazildi
Toliblarga yaqin bo‘lgan manbalar ma'lumotiga ko‘ra, Parvon viloyati hududida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
«Bugun Parvonda Amir Xon Mottakiy (toliblarning 1996-2001 yillardagi hukumatida Axborot va madaniyat vaziri bo‘lgan) rahbarligidagi Islom amirligi rasmiylari hamda Panjsherdan kelgan delegatsiya o‘rtasida muhim uchrashuv o‘tkazildi», degan manba.
Xabarda qayd etilishicha, Panjsherdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yakuniy muzokaralar keyingi uchrashuvda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Panjsher tomoni hozircha bu ma'lumot yuzasidan izoh bermadi.
Bu vaqtda Panjsherda qarshilik harakati yetakchisi bo‘lgan Ahmad Mas'ud uning jangchilari «Tolibon» harakatiga qarshilikni to‘xtamasligini aytdi.
«Jangni to‘xtatmoqchi emasmiz. Panjsherda hammasi endi boshlanmoqda. Taslim bo‘lish haqida gap ham bo‘lishi mumkinmas», dedi u Paris Match nashriga bergan intervyusida.
U «Tolibon» bilan muzokaralarni ham istisno etmagan.
«Muzokaralar bo‘lishi mumkin. Barcha urushlar vaqtida muzokaralar olib boriladi. Ammo taslim bo‘lish butunlay boshqa narsa. Qaytarib aytaman: men ham, menga bo‘ysunuvchi komandirlar ham taslim bo‘lish niyatida emasmiz», deya ta'kidladi u.
Mas'ud VVS Farsi uchun bergan intervyusida urush chiqadigan holda, qarshilik kuchlari Panjsherni himoya qilishga qodirligini ma'lum qilgan.
Toliblar Panjsherni ololmasligi mumkin, Mas'udda hududni saqlab qolish uchun real kuchlar bor
Rossiyadagi Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi direktori Umar Nessar shunday hisoblaydi.
«Afg‘onistonda barchasi shunga qarab ketyaptiki, toliblar mamlakatda yakkahokimlik o‘rnatmoqchi. Ular hozircha bu haqda ochiq aytishga shoshilmayapti, ammo ularning hokimiyati konfiguratsiyasi (tuzilishi) allaqachon shakl olib ulgurdi. Ahmad Mas'ud va uning Panjsherdagi tarafdorlari esa buni yaxshi tushunishadi. Va bu ularni qanoatlantirmaydi, deydi Nessar Rossiya nashrlariga bergan intervyusida.
O‘z navbatida, toliblarga taslim bo‘lishni istamagan o‘zbek va tojik guruhlari Mas'udning 10 mingga yaqin jangchidan iborat qo‘shini bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda.
«Panjsher barcha belgilari bilan toliblarga qarshilik harakati markaziga aylandi. Bu hududga toliblardan xavfsiragan ko‘plab o‘zbek va tojik guruhlari intilishadi. Mas'ud murosaga kelish uchun Panjsherni «tinchlik hududi» deb e'lon qilishni taklif etadi, bu yerga Kobulda o‘zini xavfsiz his qiladiganlar ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi», deydi Nessar.
«Toliblar uchun ham bu variant foydali bo‘lishi mumkin, chunki ular qurayotgan hukumat jahon hamjamiyatidagi qator o‘yinchilarni qoniqtirmaydi. Bunday sharoitda Panjsherda harbiy harakatlar boshlash siyosiy jihatdan ham, harbiy tomondan ham yaqqol mag‘lubiyat deganidir. Mas'udda qarshilik ko‘rsatish va hududni o‘z qo‘lida ushlab turish uchun real kuchlar bor, «Tolibon» esa bu bilan hisoblashmasligi mumkin emas, chunki ziddiyat ro‘y bergan taqdirda katta harbiy yo‘qotishlardan qochib bo‘lmaydi», deya qayd etadi Nessar.
Uning baholashicha, Panjsher, katta ehtimol bilan «Tolibon» hokimiyatiga aloqador bo‘lmagan «erkin hudud» bo‘lib qoladi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024