Garchi 2001 yilda keskin pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, «Tolibon» nazorati ostidagi hududlarda afyun yetishtirish so‘nggi yillarda ko‘paygan.
Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish qanday ahvolda?
Afyun qayta ishlansa, u kuchli qaramlikka sabab bo‘luvchi giyohvand moddalarga aylanadi.
BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasi (UNODC) ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston afyun yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi - ushbu mamlakat ulushi 80 foizdan ortiq.
UNODC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018 yilda Afg‘oniston iqtisodiyotida afyun ishlab chiqarish ulushi qariyb 11 foizni tashkil qilgan.

«Tolibon» nima deydi?
«Biz ilgari boshqaruvda bo‘lganimizda giyohvand moddalar ishlab chiqarish yo‘q edi. Biz afyun yetishtirishni yana nolga kamaytiramiz», deydi poytaxt Kobulni egallab, mamlakatni o‘z qo‘liga olgan «Tolibon»ning matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.
Mujohid ular giyohvand moddalar kontrabandasining ham oldini olishlarini da'vo qilgan.
«Tolibon» davrida afyun yetishtirish qanday bo‘ldi?
AQSh Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, 1990-yillarda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin afyun yetishtirish sezilarli darajada ortgan. Masalan, 1998 yil 41 ming gektarga yaqin maydonda hosil yig‘ilgan bo‘lsa, 2000 yilda bu ko‘rsatkich 64 mingdan oshdi.
Hilmand viloyati giyohvand moddalar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu hududda dunyodagi noqonuniy afyunning 39 foizi tayyorlangan.
Biroq 2000 yil iyulida «Tolibon» o‘z nazorati ostidagi hududlarda afyun yetishtirishni taqiqlab qo‘yadi.
Shu tariqa, BMTning 2001 yil may oyida e'lon qilgan hisobotida taqiq bu hududlarda «deyarli to‘liq muvaffaqiyatli amalga oshirilgani» qayd etiladi.
«Tolibon» taqiqidan so‘ng, 2001 va 2002 yillarda dunyoda musodara qilingan afyun va geroin miqdori sezilarli darajada kamayadi.



















