O‘zbekiston | 21:14 / 27.08.2021
18849
4 daqiqa o‘qiladi

«RASH-MILK»: 18 yildan buyon tildan tushmayotgan yirik korxona

O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan korxonalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bu gal Andijonda faoliyat yurituvchiz, sut mahsulotlari ishlab chiqarishi bilan tanilgan «RASH-MILK» jamiyati bilan tanishtiramiz.

Korxona ishlab chiqarishning boshqa sohalarida ham katta loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 25 avgust kuni Xo‘jaobod tumanida yiliga 1,2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega sement zavodini ishga tushirdi. Loyiha qiymati 100 million AQSh dollariga teng. 40 gektar maydonni egallagan ushbu zavod xitoylik mutaxassislar tomonidan bir yarim yilda qurib bitkazildi.

Korxona ochilishi munosabati bilan «RASH-MILK»ning Asaka tumani Axtachi hududidagi ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgan zavodi faoliyatini to‘xtatadi. 800 nafar mahalliy aholini ish bilan ta'minlagan yangi zavod zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, atrof-muhitga salbiy ta'sir o‘tkazmaydi.

«Tsement zavodini tez fursatlarda bitkazilishida hamkorlarimiz Xitoyning «Sinoma» kompaniyasi katta hissa qo‘shdi. O‘tgan yili qurilish ishlari boshlangach, pandemiya ta'sirida xitoylik mutaxassislarning O‘zbekistonga uchib kelishida muammolar bo‘lgandi. Viloyat rahbarlarining sa'y-harakatlari bilan yo‘llar ochildi va obekt belgilangan vaqtda foydalanishga topshirildi. Hozircha zavodimizning ishlab chiqarish quvvati 1,2 million tonna. Navbatdagi loyihani ishga tushirsak, yillik ishab chiqarish hajmi 3 million tonnaga yetadi», deydi «RASH-MILK» korxonasi rahbari Ahliddin Zokirov.

O‘zbekistonda mazkur korxona mahsulotlari kirib bormagan xonadon kam bo‘lsa kerak. Tabiiy toza sutdan tayyorlangan, sifatli va mazali «RASH-MILK» brendi ostidagi mahsulotlar iste'molchilar orasida mashhur.

«RASH-MILK» korxonasida qoramollarni parvarishlash, sut xomashyosini olishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichni o‘zida mujassam etgan klaster usuli joriy etilgan.

«RASH-MILK»ning Andijon viloyati Bo‘ston tumanida faoliyat yuritayotgan sut mahsulotlari korxonasida ham bo‘ldik.

«Korxonamiz sut mahsulotlari ishlab chiqarishni 2003 yilda boshlagan. O‘sha paytda faqat quruq sut ishlab chiqarganmiz. Hozir esa 60 turdagi mahsulotlarimiz bor. Respublikamizda bizning mahsulot kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. «RASH-MILK» o‘z brendi ostidagi sut mahsulotlarining tabiiyligiga alohida e'tibor qaratadi. Klaster usulini joriy qilganmiz. Jamiyat qoshida naslli chorvachilik xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, unda Germaniyadan keltirilgan zotdor qoramollar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlanmoqda.

Ozuqa yetishtirish uchun yetarli darajada yer maydonimiz bor. «RASH-MILK» o‘z xo‘jaligida yetishtirilayotgan sut xomashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot holatiga keltiryapti. Hozirgi paytda sut korxonamizning o‘zida 300 nafar ishchi faoliyat olib boradi. Ishlab chiqarishda xorijning so‘nggi texnologiyalaridan foydalanib kelamiz», deydi korxona ish yurituvchisi Mansurbek Rashidov.

Bir so‘z bilan aytganda, zamondan ortda qolmayotgani va mahsulotlari sifatini tushirmayotgani uchun «RASH-MILK» hamon tildan tushmayapti. O‘zbekistonda bunday korxonalar ko‘payishini tilab qolamiz.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid