Sport | 22:55 / 28.08.2021
15131
3 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor» Kanchelskisga 1,6 million dollar to‘lab berishi kerakligi aytildi, klub bayonot berdi

Namanganning «Navbahor» klubi rossiyalik murabbiy Andrey Kanchelskisga 1,6 million dollar miqdorida qarz to‘lab berishi kerak. Bu boradagi FIFA qarori surati tarqaldi. Unda yozilishicha, Namangan klubi Kanchelskisga 30 kun ichida 1,6 million dollar to‘lab berishi kerak. Shuningdek, har bir undirilgan to‘lovdan 5 foiz xizmat haqi ham belgilangan.

Hujjatda Kanchelskisning «Navbahor»dagi oylik maoshi 34,5 ming dollar bo‘lganini ko‘rish mumkin. Tarqalgan hujjatga ko‘ra Namangan klubi rossiyalik murabbiyga 9 oylik maoshini (300 ming dollardan ko‘proq) va qo‘shimcha 1,3 million dollardan ko‘proq kompensatsiya to‘lab berishi lozim.

«Navbahor» klubi rasmiy saytida bu borada bayonot e'lon qilindi. Unda aytilishicha, qaror hali kuchga kirgani yo‘q va unda bunday jarimaga nima asos bo‘lgani keltirilmagan.

«FIFAning Futbolchilar maqomi bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan 2021 yil 25 avgust kungi «Navbahor» klubi va Andrey Kanchelskis ishi bo‘yicha qabul qilgan FPSD-256-sonli qarori hali qonuniy kuchga kirmagan. «Navbahor» PFK ushbu qaror qaysi asoslarga ko‘ra qabul qilingani bo‘yicha xabardor qilinmagani sabab tegishli tartibda e'tiroz (shikoyat) yo‘llaydi.

«Navbahor» FIFA qabul qilgan mazkur qarorning asoslovchi qismini hali olmagan, qarorning nima sababdan bunday ko‘rinish olganidan bexabar. Qachonki mazkur qaror yuzasidan asoslovchi sabablar ko‘rsatilib, jarayondan to‘liq xabardor bo‘lganimizdan keyin, ushbu qarorga e'tiroz bildiriladi.

Futbol jamoatchiligi, xususan, mamlakatimizdagi sportga ixtisoslashgan nashrlardan bunday pallada shoshilinch xulosa chiqarmaslikni, mazkur vaziyatda har ikki tomon manfaatlarini nazarda tutgan holda, rasmiy hujjatlar qonuniy kuchga kirgandan keyin, shunga ko‘ra munosabat bildirishni so‘rab qolamiz. Chunki, har qanday yanglish xulosa ta'sirida qilinadigan turli chiqishlar futbol jamoatchiligida noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelishi mumkinligini inobatga olish darkor», deyilgan Namangan klubi bayonotida.

Ma'lumot uchun, Andrey Kanchelskis 2018-20 yillarda ikki muddat «Navbahor» klubini boshqargan.

Mavzuga oid