11:36 / 31.08.2021
16201

Shavkat Mirziyoyev yangi bog‘ va yodgorlik kompleksini qurishda nimaga e'tibor qaratilganini aytdi

Bugun, 31 avgust kuni Qibray tumanida barpo etilgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. 

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.


 
«Ayni daqiqalarda barchamiz yana bir tarixiy voqea, ya'ni istiqlolimizning shonli sanasiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimiga to‘planib turibmiz. Yodingizda bo‘lsa, biz may oyida keng jamoatchilik bilan birga yaxshi niyat bilan bog‘ hududida dastlabki nihollarni ekib, majmuaga tamal toshi qo‘ygan edik. Bugun ezgu orzu-intilishlarimiz ijobat bo‘lib, qisqa muddatda xalqimiz, bunyodkor vatandoshlarimizning azm-u shijoati bilan mana shu ulkan maydonda muazzam bog‘ va yodgorlik kompleksini barpo etishga erishdik.

G‘oyat qiyin va murakkab sharoitda respublika ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini o‘ylab, o‘zini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi. O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirish e'tibor markaziga qo‘yildi», dedi davlat rahbari.

Mustaqillik monumenti poyiga: «Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda», degan so‘zlar bitilgan.

Bog‘ mazmuni milliy davlatchilik tarixi, xalqning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini o‘zida mujassam etgan. 104 gektarlik bog‘ning umumiy ko‘rinishi Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlariga monand daraxtning beshta shoxi shaklida. 

Top