O‘zbekiston | 17:00 / 27.10.2025
2408
3 daqiqa o‘qiladi

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi

Adolat sari” deb nomlangan yugurish marafonida 1,500 dan ortiq sud tizimi xodimlari va ularning oilalari ishtirok etishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

 

Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida sud tizimi xodimlari va ularning oila a’zolarini birlashtirgan “Adolat sari” nomli ommaviy yugurish tadbiri o‘tkazildi. World Athletics xalqaro standartlariga muvofiq tashkil etilgan musobaqada mamlakatning barcha hududlaridan 1,500 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

ProRun kompaniyasi va Oliy sud tashabbusi bilan uyushtirilgan mazkur tadbirning maqsadi vatanparvarlik va adolat tuyg‘usini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamoatchilikda ommaviy sport madaniyatini rivojlantirishdir.

“Bizning asosiy maqsadimiz — sog‘lom turmush tarzini zavq bilan bog‘lash. Chunki hayotdan rohat olish — faqat tungi klublarda yoki ichimlik bilan emas. Bu yerda ham musiqa, raqs, quvonch bor, ammo hammasi sog‘lom, toza shaklda. Shunday tadbirlar orqali biz yoshlarimizni to‘g‘ri qadriyatlar, to‘g‘ri yo‘l sari undaymiz. Chunki sog‘lom tana — sog‘lom ruh, sog‘lom ruh esa to‘g‘ri qarorlar va to‘g‘ri kelajak degani.

Shu bois, oilangiz bilan keling, yuguring, bolalarga o‘rnak bo‘ling. Chunki bu — siz o‘ylagandek klub emas, bu — ertalabki bayram, bu — yangi hayot tarzi”, — deydi ommaviy marafonlar tashkilotchisi Andrey Kulikov.

Musobaqa doirasida “Buyuk Turon” mavzuli milliy zona ham tashkil qilinib, mehmonlar uchun xalq o‘yinlari — lanka, oshiq o‘yini, arqon tortish, shuningdek, sirkchi va dorbozlarning jonli chiqishlari namoyish etildi. Tadbir tomoshabinlari uchun mashhur san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning texnik tashkilotchisi ProRun kompaniyasi bo‘lib, ularning ta’kidlashicha, tadbir xavfsizlik, qulaylik va tashkilotchilik jihatdan xalqaro mezonlarga to‘liq mos shaklda o‘tkazilgan.

“Adolat” partiyasi tadbirda faol ishtirok etdi — startga 900 nafar vakillar o‘z oilalari bilan birga chiqishdi. Ushbu ishtirok tadbirning birlashtiruvchi va jipslikni oshiruvchi ruhini yanada kuchaytirdi.

 
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid