Jamiyat | 13:06 / 02.09.2021
8483
2 daqiqa o‘qiladi

“Yurtdoshlarim ko‘magida shifo topdim” – xayriyasi yoritilgan bemor muvaffaqiyatli operatsiya qilindi

Kun.uz saytida “Bolalarim yetim, ayolim beva bo‘lib qolmasin” – Hindistonda qolgan hamyurtimizga ko‘mak zarur” sarlavhali xayriya e'lon qilingan, unda jigar sirroziga chalingan bemor, 34 yoshli Maribjon Darmonovning iztiroblari aks etgandi.

“Ikki nafar farzandim bor. Bu kasallik tufayli 6 yildirki bolalarimni erkalay olmayman, quchib ko‘tara olmayman. Bolalarim yetim bo‘lib qolishini o‘ylasam, ko‘zlarim yoshga to‘ladi. Ayolim ham juda yosh, menga jigarini bermoqchi. Turmush yuki, mening tashvishim shunga tushdi. Eson-omon operatsiyalarni o‘tkazib olib, bolalarim yoniga sog‘ayib qaytsam, mendan baxtli odam yo‘q”, – degandi Maribjon biz bilan suhbatda.

Darddan qutulish, hayotni davom ettirishning yagona chorasi sifatida jigar ko‘chirish operatsiyasiga zarurat sezgan Maribjon Darmonov Hindistonda muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazib, yurtimizga qaytib keldi.

Maribjonning turmush o‘rtog‘i Munojot Darmonova biz bilan bog‘landi va minnatdorlik bildirdi:

“Juda tushkun holga tushgan edik, operatsiya uchun zarur mablag‘ to‘planmagan, nima qilishni bilmay qolgandik. Allohga shukr, yaxshi insonlar juda ko‘p ekan. Kun.uz saytida xayriyamiz e'lon qilinganidan keyin saxovatli insonlar ko‘magida operatsiya va muolajalar uchun kerakli pul to‘plandi. Shundan so‘ng operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, men jigarimni berdim. Hozir ikkimiz ham o‘zimizni yaxshi his qilyapmiz. Farzandlarim, yaqinlarim quvonchini so‘z bilan ta'riflab bera olmayman. Allohga shukr va bizga yordam berganlarning hammasiga rahmat”, – deydi Munojot.

Mavzuga oid