18:31 / 04.09.2021
13142

Fermerdan faqat g‘alla va paxta so‘ralardi. Bundan ikki tomon ham yutqazib kelgan

Yurtimizda fermerlik harakati boshlangan dastlabki yillardanoq o‘z fermer xo‘jaligimni tashkil qildim. O‘sha yillarda bitta yo‘nalishda faoliyat olib borgan bo‘lsam, bugungi kunda yettita yo‘nalishda mehnat qilyapmiz. Ya'ni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylandik.

Ochig‘i, tizim so‘nggi yillarda ancha isloh qilindi. Xususan, avval bizdan faqat paxta va g‘alla so‘ralardi. Yo‘q, bundan fermer ham, davlat ham yutqazadi. Hozirgi vaqtda bog‘dorchilik, ya'ni intensiv bog‘ tashkil qildik. Shundan 10 gektarida olma, qolgan 5 gektarida uzum parvarishlayapmiz. Bundan tashqari, qoramolchilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarini rivojlantirish orqali millionlab daromad ko‘raman. Hozirgi kunda baliqxonamizda 12 ming dona baliq boqilyapti.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda kosasi oqarmagan o‘zbek fermeri mazmunida maqola e'lon qilindi. Qiziq, avval keling, fermerlar bilan suhbatlashing, sharoiti, muammo va kamchiligini ichdan o‘rganing. Aniq ayta olaman, yerning tilini bilmagan, sohani tushunmagan odam o‘ttiz yil emas, ellik yilda ham aravani tortolmaydi. Ammo haqiqiy fermer qo‘sha-qo‘sha mashina olyapti, to‘y qilyapti, kerak bo‘lsa, boshqa sohalarning ham rivojlanishiga hissa qo‘shyapti. Bog‘cha va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan fermerlarimiz ko‘p. O‘nlab, yuzlab mahalladoshlarning og‘irini yengil qilayotgan, bandligini ta'minlayotganlar bor.

Ushbu ishlarning barchasini fermer, ya'ni mulkdor bo‘lib, yerdan daromad olib qilyapmiz. Qo‘shimcha tarmoqlar ochib, qishloqqa sanoat olib kiryapmiz.

2019 yilda Qozog‘iston davlatiga 1 150 000 dollarlik meva-sabzavot eksport qildik. Germaniya davlatidan naslli qoramollar olib keldik. Hozirgi kunda fermer xo‘jaligimizda kuniga 500 litrgacha sut olyapmiz. Shu yil hisobidan 300 000 000 mln so‘m sof daromad olishni mo‘ljallab turibmiz.

Bu yil 50 tonnadan ortiq yetishtirgan g‘allam o‘z ixtiyorimda qoldi. Men uni bozor narxlarida sotdim. Bu ham biz, fermerlarga berilgan subsidiya, desam adashmayman.

Gapning indallosini aytay, dangasa odamga yer vafo qilmaydi. Hisob-kitobini yo‘qotgan, bank aylanmasini tushunmaydigan, eskicha ishlayman, degan fermer albatta noliydi. Chunki uning ishi yurishmaydi. Shunchaki yerni olib qo‘ygan, kunim o‘tsa qabilida ishlaydi. Vaqt bundaylarni ham ko‘rsatyapti. Yer haqiqiy egasiga qaytarilyapti. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak.

Ahror Bozarov,
Qarshi tumanidagi “Xudoyqulov Sarvarbek Ahrorovich”
fermer xo‘jaligi rahbari.

***  

  Chekka bir tumanning fermeri nishon olishini kutmagandim


Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan birga, uni qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, xizmatlar ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.

Bugungi kunda fermer xo‘jaligim paxta-g‘allachilik, sabzavotchilik, chorvachilik, issiqxona va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Biz, fermerlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, xo‘jaligim hisobidagi zarur texnikalarni imtiyozli kredit asosida xarid qildim va ushbu texnikalardan hosil unumdorligi uchun foydalanyapman. Bundan tashqari, qoramolchilik, parrandachilik va sabzavotchilik sohalarini rivojlantirish orqali yiliga millionlab daromad ko‘raman.

2021 yilgi g‘alla hosilidan 42,5 gektar g‘alla ekib, 150 million so‘m, chorvachilik sohasida 5 ta ot, 42 ta qoramol, 120 ta qo‘y mavjud bo‘lib, mazkur sohadan yiliga o‘rtacha 150-160 million so‘m daromad ko‘ryapman. Bog‘dorchilik yo‘nalishida 5 gektar yerga olma ko‘chati ekilgan bo‘lib, olmadan o‘rtacha 40 million so‘m sof daromad qildim.

Kelgusida xo‘jaligimizning har bir tarmog‘ini rivojlantirish orqali daromadimizni oshirish imkoniyati katta. Bu bizning qo‘limizni uzun qiladi. Masalan, olingan yalpi hosilning bir qismini chet elga eksport qilishni rejalashtiryapmiz. Kutilayotgan yuqori daromad evaziga ijtimoiy sohaning rivojiga o‘z hissamizni qo‘shish, jumladan, xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi, tikuv sexlari qurib, qishloq aholisini ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda kosasi oqarmagan o‘zbek fermeri mazmunida maqola e'lon qilinibdi, men bir oddiy fermerga davlatimiz tomonidan imtiyozlar va subsiyalar berilmaganida yuqoridagi sanab o‘tilgan yutuqlarimdan birontasini amalga oshirolmagan bo‘lar edim. Har xil gaplarga uchmasdan bizga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z ishimizni qilganimiz durust deb aytaman dehqonlarimizga. Davlatimizga mingdan ming rahmat aytsak arziydi.

Yaqinda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu e'tirof ham men uchun katta ishonch va mas'uliyat berdi.

 

Sirojiddin Berdiyev,
Yakkabog‘ tumanidagi “SURQASh” fermer xo‘jaligi rahbari Ⓣ

Top