12:04 / 06.09.2021
29381

Braziliya - Argentina o‘yinidagi mojaro. Politsiya mehmonlarning to‘rt futbolchisini olib ketishga urindi va o‘yin to‘xtatildi

Janubiy Amerikada jahon chempionati uchun saralash bosqichi doirasida noodatiy mojaro yuzaga keldi. Politsiya Braziliya va Argentina o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida maydonga chiqib kelib, mehmon jamoa futbolchilarini deport qilishga urindi.

Foto: Reuters

JCh-2022 saralashining navbatdagi turida San-Pauluda Braziliya va Argentina o‘rtasidagi o‘yin 7-daqiqadayoq to‘xtatildi. Maydonga mahalliy politsiyachilar hamda sanitar xizmat xodimlari chiqib kelib, o‘yinni to‘xtatishni talab qilishdi. Bir necha daqiqa davom etgan muzokaralardan so‘ng Argentina milliy jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi maydonni tark etib, kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olishdi.

Foto: ALEXANDRE SCHNEIDER/GETTY IMAGES

Gap shundaki, Argentina jamoasining boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan uch futbolchisi — darvozabon Emiliano Martines, himoyachi Kristian Romero va yarimhimoyachi Jovanni Lo Selso, shuningdek zaxirada qolgan havbek Emiliano Buendia — Braziliyaga kirish tartibini buzishgani ma'lum bo‘lgan, mamlakatdagi kovid protokolga ko‘ra ular shu kuni maydonga chiqishi kerak emasdi. Bu to‘rt futbolchi ingliz klublari safida to‘p surishadi. AR xabariga ko‘ra, Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida Buyuk Britaniyada bo‘lgan barcha shaxslar Braziliyaga kelganidan keyin 14 kun davomida karantinda o‘tirishi talab etiladi. Mahalliy amaldorlar Martines, Romero, Lo Selso va Buendia bu qoidani buzgan deb hisoblashdi va ular zudlik bilan «kelgan joyiga qaytib ketishi kerakligi» bildirildi.

Shu bilan birga, bu to‘rt futbolchi Braziliyaga kirishda chegara nazoratidan qanday o‘tgani ma'lum emas. Jurnalist Yunas Giveraning so‘zlariga ko‘ra, ular mamlakatga kirishda to‘ldiriladigan deklaratsiyada so‘nggi ikki hafta ichida Buyuk Britaniyada bo‘lmaganliklarini ko‘rsatishgan. Lekin ularning barchasi so‘nggi dam olish kunlarida o‘tkazilgan turda o‘z klublari tomonidan zayavkaga kiritilgandi. Yana bir versiyaga ko‘ra esa ular hujjatlarni qalbakilashtirishgani aytiladi.

beIN jurnalisti Roberto Roxasning yozishicha, mojaro boshlanganida, argentinaliklar sardori Lionel Messi maydonga tushib kelganlardan so‘ragan: «Biz uch kundan buyon shu yerdamiz, siz bu ishni nega aynan hozir qilmoqdasiz?»

Argentinalik futbolchilar kiyim almashtirish xonasiga qamalib olishgan va ichkariga politsiyachilar kiritilmagan. Ko‘p o‘tmay avtobus ularni stadion hududidan olib ketgan.

Bu voqealar fonida turli nazariyalar bildirildi: ulardan biriga ko‘ra, brazillar qasddan mojaro uyushtirishgan. Raqibdan farqli o‘laroq, maydon egalari bu o‘yinga kuchsizlangan tarkib bilan yetib kelgan. APLda to‘p suruvchi futbolchilarning ko‘pchiligini klublari qo‘yib yubormagan: Alison Beker, Ederson, Tyago Silva, Fred, Fabino, Roberto Firmino, Gabriel Jyezus, Risharlison. Shuningdek, Malkom va Klaudino ham Rossiyaga uchib ketishgan.

O‘yin boshlanishiga bir necha soat vaqt qolganida Anvisa agentligi (Braziliya sog‘liqni nazorat qilish tashkiloti - nazorat organi) bayonot bilan chiqib, Argentina terma jamoasidagi to‘rt futbolchi mamlakatga kirish qoidalarini buzganini, ular izolyatsiya qilinishi va o‘yinda ishtirok etmasligi kerakligini ma'lum qildi. Ammo KONMeBOL (Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi) argentinaliklar kovid protokol bo‘yicha barcha normalarni bajarishganini, aynan shu tufayli o‘yin boshlanishiga ruxsat berilganini ma'lum qildi.

Ammo Anvisa’dagilarning fikri boshqacharoq edi va ular qat'iy harakatlarga o‘tishdi.

«Hakam qaroriga ko‘ra Braziliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin qoldirildi. Hakam va komissar FIFA tartib-intizom qo‘mitasiga hisobot yuboradi va shundan keyin tegishli choralar ko‘riladi. Saralash bosqichi — FIFA musobaqasi. Tashkilotchilik va rivojlantirish bo‘yicha barcha qarorlar ushbu tashkilot tomonidan chiqariladi», deyilgan KONMeBOL bayonotida.

FIFA ham qat'iy harakat qiladigan bo‘lsa, Braziliyaga texnik mag‘lubiyat yozilishi hech gap emas.

Ayni vaqtda saralash bosqichidagi vaziyat quyidagicha: Braziliya 21 ochko bilan birinchi o‘rinda, Argentina 15 ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan. Argentinaliklar keyingi o‘rinlardagi Ekvadorni uch, Urugvay va Kolumbiyani olti ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda. JCh-2022ga guruh bosqichida dastlabki to‘rt o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma oladi, beshinchi jamoa esa o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishi kerak.

Mavzuga oid
Top