O‘zbekiston | 16:41 / 07.09.2021
5108
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi sammiti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

2021 yil 6 sentyabrda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Venada Avstriya parlamenti va Birlashgan millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Parlamentlararo ittifoqqa a'zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammitida ishtirok etdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatlarni pandemiyadan so‘ng tiklashda ayollarning ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi hamda dolzarb masalalarga parlamentning samarali ta'sir choralari ko‘rib chiqildi.

Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida xotin-qizlarning e'tiborini iqtisodiy rag‘batlarga qaratib, ularning sohadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularga grantlar, kreditlar ajratish, shuningdek, qizlar, ayollarni o‘qitish va kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha tajribaga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, respublikada xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar qayd etildi.

Parlamentlar ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammitini 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Qayd etilishicha, dunyo mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlari ishtirokida bunday yuqori darajadagi tadbir mamlakatimiz va umuman mintaqada ilk marotaba tashkil etiladi.

“Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan ushbu qaror – bu jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatidagi sezilarli yutuqlar, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar muvaffaqiyatlarining e'tirofidir”, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid