O‘zbekiston | 19:04 / 08.09.2021
8357
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston Afg‘oniston xalqi qaysi hokimiyatni tan olsa, o‘sha hokimiyat bilan muloqot qiladi” - Bahrom Abduhalimov

“Adolat” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Afg‘oniston yangi hukumati bilan O‘zbekiston munosabatlari nimalarga asoslanishi kerakligi haqida fikr bildirdi. 

Partiya siyosiy kengashi raisining aytishicha, O‘zbekiston qo‘shni mamlakat xalqi tan olgan hukumat bilan aloqa o‘rnatishi lozim.

“Afg‘oniston xalqi qaysi hokimiyatni ma'qul topsa, O‘zbekiston ham o‘sha hokimiyat bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishi kerak. Shu sababli hozirda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon”ning qo‘shni mamlakatlar, xususan O‘zbekiston bilan bo‘lgan munosabatlariga faqat hamkorlik nuqtai nazaridan qaralyapti.

Butun dunyoda e'tirof etilgan diplomatik tamoyil bor, bu mamlakatlar ichki ishlariga aralashmaslik. Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish juda yaxshi g‘oya.

Ilgari qo‘shni davlatlar bir-birimiz bilan arazlagandek munosabatda edik. Siyosiy nuqtai nazardan munosabatlar og‘ir edi. Bu xalqlar orasidagi munosabatlarga ham salbiy ta'sir qilardi. O‘zgarishlar natijasida hozirda mintaqadagi 5 mamlakat xalqlari do‘stga aylangan”, dedi partiya rahbari “Adolat” SDPning X qurultoyidan keyin OAV vakillari bilan suhbatda.

Avvalroq tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilishi yuzasidan bayonot bergandi. Bayonotda O‘zbekiston Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlashi ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentabr kuni toliblar Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e'lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat bosh vazirligi Muhammad Hasan Oxundga yuklangan, Abdulg‘ani Birodar uning o‘rinbosari bo‘ladi. Hozircha hech bir davlat bu hukumatni rasman tan olmagan, «Tolibon» yaqin orada muvaqqat hukumatni rasman tanishtirish marosimini o‘tkazmoqchi, tadbirga Pokiston, Xitoy, Rossiya, Eron, Turkiya va Qatar davlatlari taklif etilgan.

Исломбек Умаралиев
Tayyorlagan Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid