Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston taraqqiyot banki tashkil etiladi
O‘zbekiston taraqqiyot banki tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ma'lum qildi.
“Kelgusi besh yilda raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantiramiz. Uning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi. Har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi Internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va Internet bilan qamrab olinadi.
2026 yilga qadar neft-gaz, kimyo, metallurgiya va boshqa sanoat sohalaridagi barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmi 5 barobarga, ularning eksporti esa 10 barobarga oshirilib, 500 million dollarga yetkaziladi.
Kelgusi yil yakuniga qadar “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida barcha davlat organlarida ish yuritish, aholi bilan hujjat almashish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur'atlarini saqlab qolish uchun, makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlanadi. Bunda, 2023 yil oxirigacha inflatsiya darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta'minlanadi. Buning uchun budjet mablag‘larini samarali taqsimlash va nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan buyon budjet xarajatlari birinchi navbatda fuqarolarimizning turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Xabaringiz bor, bu yildan boshlab joriy etilgan “Fuqarolar budjeti” dasturi doirasida 14 ta tuman budjetining 5 foizi aholi takliflari asosida dolzarb muammolarni yechishga qaratildi. Kelgusi yildan boshlab har bir tuman budjetining kamida 5 foizi ushbu dastur orqali taqsimlanadi. Shu tariqa bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 – 2 trillion so‘m mablag‘ joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi.
Yana bir muhim masala – yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan oshmasligi ta'minlanadi. Iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni ko‘paytirish maqsadida kelgusi 5 yilda fond bozori hajmi 200 million dollardan 7 milliard dollarga yetkaziladi. Bunda, mamlakatimizda kapital olib kirish bo‘yicha mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, barcha uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlar yaratiladi.
Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur'atlarini ta'minlash uchun, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, shundan kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Shu maqsadda 2026 yilgacha xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha alohida strategiya qabul qilinadi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida kelgusi besh yilda transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi. Kelgusi yildan asosiy vositalarni amortizatsiya qilishga soliq imtiyozlarini kengaytirish orqali 130 mingdan ziyod tadbirkorlar ixtiyorida har yili qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ qoldiriladi.
Xabaringiz bor, keyingi paytda hududlarda sanoat va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Buning uchun, albatta qo‘shimcha moliyaviy resurslar kerak. Shu maqsadda, O‘zbekiston taraqqiyot banki tashkil etiladi.
Mamlakatimizning eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkaziladi. Eksport tarkibida xomashyoning ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga kamayib, tayyor mahsulotlar hajmi 2,5 barobar ko‘payadi”, dedi prezident.
Mavzuga oid
16:30 / 04.04.2026
Uyma-uy yordam va ijtimoiy aksiyalar: «Xalq bilan birga» dasturi qanday amalga oshiriladi?
23:15 / 24.08.2025
Mirziyoyev Zelenskiyga tabrik yo‘lladi
14:05 / 06.03.2025
O‘zbekiston uchun xalqaro darajadagi 10 000 nafar moliya mutaxassisini qanday tayyorlash kerak?
20:00 / 11.09.2024