Jahon | 11:05 / 14.09.2021
15650
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni egallagandan keyin 500 ming afg‘on o‘z uyini tark etdi

Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgandan keyin mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lgan odamlar soni taxminan 500 ming kishiga ko‘paydi. Bu haqda BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi Afg‘onistonga homiylik yordami bo‘yicha o‘tgan anjumanda ma'lum qildi.

“Afg‘onistonda 3,5 mln kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan, ulardan 500 ming nafari oxirgi voqealar oqibatida shunday toifaga aylandi”, deb aytgan Grandi. U Afg‘oniston iqtisodiyotidagi inqiroz hamda vaziyatning keskinlashuvi mamlakatda qochqinlar sonining oshishiga olib kelishidan ogohlantirgan. 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish uchrashuv yakunlariga ko‘ra Afg‘onistonga va'da qilingan yordami qiymati 1,12 mlrd dollarni tashkil qilganini aytgan. Vaholanki, uchrashuvda yaqin 4 oy ichida Afg‘onistonga 606 mln dollar yig‘ish maqsad qilingandi.  

“Bu pullar afg‘onlar yordamga o‘ta muhtoj bo‘lgan vaqtda ularga ko‘proq yordam berishimizga imkon beradi”, deb yozgan BMT bosh kotibi Twitter’da.

Guterrish BMTning favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘yicha markaziy jamg‘armasi Afg‘onistondagi insonparvarlik amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashga 20 mln dollar ajratishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq “Al-Jazira” telekanali Kobulga BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining 4ta samolyoti insonparvarlik yordami keltirganini ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, bu xalqaro tashkilotning AQSh Afg‘onistondagi missiyasini yakunlab, Kobul aeroporti toliblarga berilgandan keyin Afg‘oniston poytaxtiga kelgan birinchi samolyotlari bo‘ldi. 

Mavzuga oid