O‘zbekiston | 19:56 / 14.09.2021
6717
2 daqiqa o‘qiladi

“Koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi qayerda olingan bo‘lsa, keyingi dozalar ham aynan o‘sha yerda olinishi shart degan ko‘rsatma yo‘q” – Botir Qurbonov

Koronavirusga qarshi vaksinaning ilk dozasini olganlar navbatdagi dozani istalgan hududda olishlari mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

6 sentyabrdan respublikadagi barcha oliy ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanib, barcha talabalar o‘quv yurtlariga qaytishdi. Ta'til davomida o‘z manzillarida koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini olgan talabalarda keyingi dozalarni olish yuzasidan savollar paydo bo‘lmoqda. Ularda ikkinchi yoki uchinchi dozalarni olish uchun qayerga murojaat qilish borasida ikkilanish yuzaga kelgan.

Kun.uz muxbiri ushbu savolga javob olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov bilan bog‘landi.

“Koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi qayerda olingan bo‘lsa, keyingi dozalar ham aynan o‘sha yerda olinishi shart degan ko‘rsatma yo‘q. Respublikadagi vaksina olgan barcha aholi emlash.uz dasturiga kiritiladi. Dasturda fuqaroning qachon, qayerda, qaysi vaksinani olganligi ko‘rsatiladi. Agar talaba birinchi dozani o‘z hududida olib, keyingi doza olinadigan muddatda OTMda o‘qiyotgan davrga to‘g‘ri kelsa, har bir OTM biriktirilgan hududiy poliklinikada navbatdagi dozani olishi mumkin. .OTMlarning barchasi o‘zi joylashgan hududdagi poliklinikalarga biriktirilgan” dedi u Kun.uz’ga.

Mutasaddining aytishicha, bu ko‘rsatma bir joydan ikkinchi joyga ko‘chgan fuqarolarga ham taalluqli.

“Agar fuqaro yashash joyidan ko‘chgan yoki vaqtincha yashash uchun boshqa hududga borgan bo‘lsa, o‘sha hududdagi poliklinikaga murojaat qiladi va bemalol emlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Koronavirusga qarshi emlanish jarayonida fuqaroning rasman ro‘yxatdan o‘tgan joyining ahamiyati yo‘q”, – deya ta'kidladi Qurbonov.

Mavzuga oid