Jahon | 22:44 / 15.09.2021
8140
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada suvenir sifatida Merkel boshi ko‘rinishidagi shirinliklar sotila boshlandi

Germaniyada tez orada kansler lavozimini tark etadigan Angela Merkelning boshi ko‘rinishidagi marsipan shirinligi sotila boshlandi.

Foto: REUTERS/Annkathrin Weis

Shirinlikni ishlab chiqarayotgan Odenwaelder Marzipan kompaniyasining ta'kidlashicha, shirinlik kanslerning barcha muxlislari uchun suvenir sifatida ishlab chiqarilmoqda. Ma'lum qilinishicha, qandolat mahsulotini 2 yilgacha saqlash mumkin.

“Ushbu shirinlik o‘yindan chiqib, o‘z xizmatini yakunlayotgan Angela Merkelning barcha muxlislari yoki muxlisi bo‘lmaganlar uchun suvenirdir. Shu sababli biz biror kim uni o‘z uyida suvenir sifatida o‘rnatib qo‘yadi, deb umid qilmoqdamiz”, deb aytgan kompaniya menejyeri Tomas Zuber.

Ta'kidlanishicha, kompaniya 40 yildan beri faoliyat yuritib keladi va hanuzgacha o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘l mehnatidan foydalanadi. Ta'kidlanishicha, Merkel boshi ko‘rinishidagi shirinlikdan 500 dona ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

7 sentyabrda Merkel mamlakat parlamenti – bundestagda kansler sifatida oxirgi marta nutq so‘zlab, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, “yashil” energetikani rivojlantirish, terrorchilik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash mavzulariga to‘xtalib o‘tgan. Shu bilan birga, u koronavirusga qarshi emlanish muhimligini ta'kidlab o‘tgan va fuqarolarni emlanishga chaqirgan.

26 sentyabrda Germaniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. 2005 yildan beri Germaniya kansleri lavozimini egallab kelgan Merkel joriy saylovlarga o‘z nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilgan. Saylovlarda g‘alaba qozongan partiya kanslerni tayinlash va hukumatni shakllantirish imkonini oladi. Saylovlarda Merkel yetakchilik qiluvchi Xrinstian-demokratik ittifoqdan Armin Lashet, “Yashillar” partiyasidan Annalena Berbok va Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan Olaf Shols kansler lavozimiga nomzodlar hisoblanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar