Jahon | 09:35 / 20.09.2021
8645
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya bosh vaziri Fransiya bilan suvosti kemalari bo‘yicha shartnomadan voz kechilgani sababini tushuntirdi 

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison Fransiyadan suvosti kemalari sotib olish bo‘yicha shartnomadan voz kechilishi sababini tushuntirdi.

Foto: Reuters

Avstraliya ushbu shartnomadan AQSh va Britaniya bilan mudofaa alyansi AUKUS’ni tuzgandan keyin chiqib ketgan.  

Morrisonning ta'kidlashicha, Avstraliya 66 mlrd dollarlik shartnomadan AUKUS foydasiga voz kechishidan oldin unda Fransiyada buyurtirgan suvosti kemalari strategik ehtiyojlariga to‘g‘ri kelmasligi borasida jiddiy xavotir paydo bo‘lgan.   

Avstraliya bosh vaziri g‘arb davlatlari o‘rtasida diplomatik mojaroga olib kelgan ushbu holatni tushuntirar ekan, u Fransiyaning ixlosi qaytganini tushunishini, biroq “Avstraliya manfaatlari hammasidan ustun ekanini” aytgan. 

“Bizda Fransiyada buyurtirilgan “Ataka” sinfidagi suvosti kemalari imkoniyatlari oldimizda turgan strategik vazifalarni hal qila olmasligi borasida jiddiy xavotir bor va biz milliy strategik manfaatlarimizga asoslangan qarorlarni qabul qilishimizni aniq tushuntirdik”, deb ta'kidlab o‘tgan Morrison.

U shuningdek, Avstraliya hukumati aslida Fransiyadan suvosti kemalari buyurtirish niyati bo‘lmagani borasidagi axborotni rad etgan. Uning ta'kidlashicha, Fransiya suvosti kemalari imkoniyatlari Hind-Tinch okeani mintaqasida o‘zgarayotgan vaziyatni hisobga olib, Avstraliya strategik manfaatlariga javob bera olmasligi borasida xavotir bo‘lgan.

O‘tgan hafta AQSh, Avstraliya va Britaniya yangi mudofaa alyansi tashkil etishi haqida e'lon qildi. Kelishuv doirasida Avstraliya flotini AQSh va Britaniya texnologiyalari yordamida qurilgan atom suvosti kemalari bilan ta'minlash rejalashtirilmoqda. Buning natijasida Avstraliya 2016 yilda fransuz kompaniyasi bilan 12ta dizel-elektr suvosti kemasi qurish bo‘yicha imzolangan shartnomani bekor qilgan.   

Shundan keyin Fransiya ittifoqdoshlari qarorini “orqadan pichoq sanchish” deb baholab, tarixda birinchi marta AQSh va Avstraliyadagi elchilarini ortga chaqirtirib olgan. Fransiya tashqi ishlar vazirligi AQShning aralashuvi sababli Avstraliya shunday qarorga kelgan, deb hisoblamoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid