Jahon | 20:07 / 20.09.2021
24590
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik sud ijrochilarini o‘qqa tutdi. Besh kishi halok bo‘ldi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida uy egasini sud qarori bo‘yicha uydan chiqarish jarayoni vaqtida otishma yuzaga kelib, besh kishi halok bo‘ldi.

Foto: AFP

Qozog‘istonning eng yirik shahri bo‘lmish Olmaota politsiya departamenti matbuot xizmati xabar qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 17:00 atrofida Oqbuloq tumani hududida 1967 yilda tug‘ilgan shaxs uydan ko‘chirish haqidagi sud qarorini ijro etish uchun kelganlarga qarata o‘qotar quroldan o‘t ochgan.

Sud pristavlari, uchastka inspektorlari va favqulodda holatlar bo‘yicha departament xodimlar o‘qqa tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, besh kishi, shu jumladan ikki politsiyachi olingan jarohatlar oqibatida vafot etgan, o‘t ochgan shaxs zararsizlantirilib, qo‘lga olingan.

Ratel.kz nashri o‘z manbasiga asoslanib xabar qilishicha, gumonlanuvchi ov miltig‘idan o‘q uzgan.

Tengrinews portalining aniqlik kiritishicha, otishma vaqtida halok bo‘lgan politsiyachilar zobitlar bo‘lib - biri kapitan, ikkinchisi mayor edi.

Xuddi shu kabi hodisa shu yilning iyunida Rossiyada sodir bo‘lgan, o‘shanda 61 yoshli uy egasi ikki sud ijrochisini otib tashlagandi, ular sud qarori bo‘yicha uning oilasini uydan chiqarish uchun kelishgandi. U ham ov miltig‘idan foydalangan.

Sochida yashagan ushbu shaxs otishmadan keyin videomurojaat qilgan va shunday degan: "Men to‘rt yoshimdan buyon shu uyda yashayman, to‘rt yoshimdan buyon! Ular shunga majbur qilishdi. Yerni rasmiylashtirishga imkon bermadilar, bu ilojsiz ekanini aytishdi".

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid