O‘zbekiston | 09:24 / 20.09.2021
2362
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda so‘nggi ikki yilda hokimiyatlar 164 ta raqobatga zid huquqiy hujjat qabul qilgani ma'lum qilindi

Qashqadaryoda so‘nggi ikki yilda hokimiyatlar 164 ta raqobatga zid huquqiy hujjat qabul qilgan va harakatlar amalga oshirgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 16 sentabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazilgan. Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining Qashqadaryo viloyatida raqobat muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirishning mavjud zaxiralari hamda iste'molchilar uchun tanlov imkoniyatlarini oshirish dasturining ishlab chiqilishi bo‘yicha olib borilgan o‘rganish natijalari yuzasidan axboroti eshitilgan.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va sodir etilgan qonunbuzilish holatlari ham aytib o‘tilgan. Shuningdek, viloyatda Davlat xaridlari doirasidagi savdolarda raqobatni cheklovchi omillar saqlanib qolayotgani aytib o‘tilgan.

Ta'kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida tanlov (tender) savdolarida 486 ta holatda «Raqobat to‘g‘risida»gi va «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunlar talablari buzilgan. Shuningdek, 2019-2021 yillarda tabiiy monopoliya sub'yektlari o‘z mavqeyini suiiste'mol qilgan holda 669 nafar tadbirkorning 90,2 milliard so‘mlik manfaatlarini cheklashga yo‘l qo‘ygan.

Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan 164 ta raqobatga zid huquqiy hujjat qabul qilingan va harakatlar amalga oshirilgan. Jumladan, Nishon tumani hokimligi tomonidan 31 ta, Dehqonobodda 29 ta, Kasbida 22 ta, G‘uzorda 17 ta, Kitobda 13 ta, Yakkabog‘da 11 ta holatda hamda viloyat qurilish bosh boshqarmasi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim va madaniyat boshqarmalari tomonidan jami 10 ta holatda raqobatga zid qarorlar qabul qilingan.

Majlisda aytilishicha, Qashqadaryoda bugungi kunda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorni jalb qilish mumkin bo‘lgan bir qancha sohalarda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi faqatgina davlat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalarga berilgan.

Majlisda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining viloyatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni nazarda tutuvchi tegishli qarori qabul qilingan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid