Jahon | 11:14 / 23.09.2021
12817
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy BMTni “nimalarga qodirligini unutib qo‘ygan pensiyadagi superqahramonga” qiyosladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMT “global muammolarni hal qilishga qodir bo‘lmagan pensiyadagi superqahramon”ni eslatishini aytdi.

“BMT anchadan beri tanqidlar, hech narsaga qodir emasligi haqidagi ayblovlarni eshitib kelmoqda. Eng yomoni – BMT millatlar ligasiga aylangani. Bugungi kunda BMT nimalarga qodirligini unutib qo‘ygan pensiyadagi superqahramonga o‘xshaydi. U o‘zini ortiqcha yuk, hayoti behuda ketgan zaif, kerakmas chol deb hisoblaydi”, deb aytgan Zelenskiy.

Ukraina rahbari tashkilotdagi islohotlarni BMT nizomini yangilashdan boshlashga chaqirgan. “Biz BMTni jonlantirishni istaymiz. Buning uchun dastlab uning nizomini yangilash lozim. Bu nizom shunchaki xohlasa qilish, xohlamasa qilmaslik mumkin bo‘lgan tavsiyalar emas. Siz unda “har kim o‘zi uchun” degan so‘zlarni topmaysiz. Aks holda dunyo koronavirusga qarshi imtihondan, birdamlikka imtihondan o‘ta olmaganini tan olishiga to‘g‘ri kelmagan bo‘lardi”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning aytishicha, xalqaro tashkilot barcha davlatlarga vaksinalarga teng huquqli ega bo‘lish imkonini ta'minlay olmay koronavirus pandemiyasi, terrorchilik, harbiy tajovuz muammolarini hal qila olmayapti. Bundan tashqari, u BMTni “Qrim platformasida” ishtirok etishdan bosh tortayotgani uchun tanqid qilgan.

Shu bilan birga, Ukraina rahbari BMT evaziga 1981 yildan beri 1 mlrddan ko‘proq odam “umrida birinchi marta ichimlik suvidan erkin foydalana olgani”, 83ta davlatda 90 mln kishi yegulik bilan ta'minlangani, uning aparteidga qarshi kurashdagi, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashdagi, insonparvarlik faoliyatidagi rolini ta'kidlab o‘tgan.

Zelenskiy davlatlar yetakchilarini global muammolarni hal qilishda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgan.

“Keling, hamkorlikni kuchaytirish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarishga tayyorligimizni ko‘rsataylik. Buni shunchaki hech qanday rezolyutsiyalarsiz, deklaratsiyalarsiz, o‘zaro kelishuvlarsiz qilaylik. Odamlar, millatlar, birlashgan millatlar sifatida buni amalga oshiraylik – yo bizning harakatlar ma'noga to‘la bo‘ladi yoki bu kursilar bo‘sh bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid