O‘zbekiston | 15:25 / 24.09.2021
11924
5 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov: «Yoshligidan vaqtini dalada o‘tkazgan yoshlar na kollejda hunar o‘rgandi, na maktabda bilim oldi»

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov avvalgi davrda barcha viloyat maktablari o‘qituvchilari, o‘quvchilari asosiy vaqtini paxta dalasida o‘tkazgani to‘g‘risida post yozib qoldirdi.

Uning ma'lum qilishicha, yoshligidan vaqtini dalada o‘tkazgan yoshlar na kollejda hunar o‘rgangan, na maktabda bilim olgan. Hozir o‘qituvchi va o‘quvchilar dalada emas, maktabda.

“Bilmadim, bu qachondan boshlangan, lekin 1990-2000 yillar davomida barcha viloyat maktablari o‘qituvchilari, o‘quvchilari yiliga kamida 4 oy vaqtini paxta dalasida o‘tkazgan. Kuzgi, bahorgi va yozgi ta'tillarni qo‘shib hisoblasa, yana taxminan plyus-minus 4 oyni chiqarib tashlaymiz. Maktablar soni 10 mingga yaqin, o‘quvchilar esa bir necha million. Universitet va kollejlar, ularning o‘quvchilari soni – alohida masala. Demak, 10 mingta maktabdagi millionlab o‘quvchilar faqat 4 oy o‘qitilgan.

Bir yilda atigi 4 oygina! Agar farzandingiz bir hafta maktabga bormasa, o‘zingizni qo‘yishga joy topolmaysiz. Yaqin yillargacha esa 8 oy deyarli o‘qimagan yoshlarimiz. Albatta, bunday davlat va millat boy bo‘larmidi? Yoshligidan vaqtini dalada o‘tkazgan yoshlar na kollejda hunar o‘rgandi va na maktabda bilim oldi. Xullas, buning ta'siri hali ancha bilinadi. Bunga tayyor bo‘lishimiz kerak.

Hozir o‘qituvchi va o‘quvchilar dalada emas, maktabda. (Oqni oq, qorani qora deyish kerak).

Xulosa qilib aytmoqchimanki, agar ta'lim sohasida hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan taqdirda ham, hozir bolalarimiz 4 oy emas, 8 oy o‘qiyotgani hisobiga ham zaruriy minimum bilimni olishi aniq”, deydi Komil Allamjonov.

Qayd etilishicha, o‘qituvchilar qadrlanishi va bilim trendda bo‘lishi shart. Rivojlanishning boshqa yo‘li yo‘q.

“O‘qituvchi emas, ta'lim emas, traktorchi trendda bo‘lganidan keyin natija ham shunga yarasha bo‘ladi-da”, deb yakunlangan post.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin-yaqingacha 6-7 million aholi, ayniqsa bolalar paxta terimiga “ixtiyoriy-majburiy” safarbar etilgani to‘g‘risida gapirgandi.

“Hech kimga sir emas, ilgari kuz deganda avvalambor, paxta yig‘im-terim “kampaniyasi” ko‘z oldimizga kelar edi. Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million aholimiz, ayniqsa bolalar paxta terimiga “ixtiyoriy-majburiy” safarbar etilardi. Mana, uch-to‘rt yildan buyon o‘qituvchi va o‘quvchilar – maktabda, vrach – shifoxonada, olimlar – laboratoriyada, talabalar – auditoriyada o‘z mashg‘uloti va o‘z ishi bilan band bo‘lmoqda. Bunday natijaga to‘g‘ri iqtisodiy siyosat yuritish, tadbirkor va dehqon uchun manfaatli bo‘lgan samarali usullarni, jumladan, klaster va kooperatsiya tizimini joriy etish evaziga erishdik”, dedi prezident sentyabr oyi boshida o‘tkazilgan Liberal-demokratik partiya qurultoyida.

Kuni kecha, 22 sentyabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev o‘tmishda paxta hosili yetishtirish bilan bog‘liq muammolar va bugungi kundagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Shuncha yil boshimizni egib paxta ekdik, lekin ko‘ngildagidek daromad qilmadik. Biror marta respublika bo‘yicha olingan daromadimiz 1 mlrd dollarga yetmadi. O‘rtacha 800-850 mln dollar bo‘lardi. Hozir bitta Andijon viloyatining o‘zi tekstil mahsulotlaridan 700 mln dollarlik eksport qilyapti. Avval biz paxtaning o‘zini sotgan bo‘lsak, endi hatto chetdan sotib olishga, qayta ishlashga tayyormiz. Xorijiy davlatlar esa kelib bizdan paxta so‘rab turishibdi”, dedi davlat rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid