O‘zbekiston | 12:30 / 29.09.2021
5684
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «Qashqadaryo viloyatining qator hududlarida deputatlar ruxsatisiz 10 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ishlatib yuborilgan»

Senat raisi Tanzila Norboyeva yalpi majlis davomida davlat budjetining 2021 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha mulohazalarini bildirdi. 

Qayd etilishicha, mahalliy budjetlarda shakllangan qo‘shimcha manbalardan foydalanishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

“Ushbu mablag‘larni ishlatishda mahalliy kengashlar hal qiluvchi vazifani bajaradi. Biroq ular bunga talab darajasida qaramayapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi tumanlari va Qarshi shahrida mahalliy kengashlarda muhokama qilinmasdan, deputatlarning ruxsatisiz 10 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ishlatib yuborilgan”, dedi Senat raisi. 

Bildirilishicha, mahalliy kengashlar vakillari, budjet bo‘yicha doimiy komissiya a'zolari, kotibiyatlar bu borada mas'uliyatni oshirishlari lozim.

“Umuman, bunday holatlarni boshqa hududlar misolida ham keltirish mumkin. Mahalliy Kengashlar qonun bilan o‘zlariga berilgan vakolatlarni chuqur anglab, amalda samarali foydalangan holda talabchanlikni oshirmas ekanlar bu kabi muammolar kamaymaydi. Shu jihatdan, mahalliy Kengashlar vakillari, ayniqsa, budjet bo‘yicha doimiy komissiya a'zolari, shu jumladan, kotibiyatlar bu borada mas'uliyatni oshirishlari lozim”, dedi Tanzila Norboyeva.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid