So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida sport o‘yinlariga pul tikish ortidan o‘z joniga suiqasd qilgan, uy va mol-mulklarini sotgan va boshqa huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yayotganlar haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekistonda bu turdagi o‘yinlarni qonuniylashtirish borasida harakatlar davom etmoqda.

Totalizatorlardan zarar ko‘rgan bir qancha fuqarolar bizga pullari va mollarini yutqazgani, qanday qilib qarz va o‘nglab bo‘lmas zararga kirib ketganini aytib berishdi. Ismi sir qolishini xohlagan farg‘onalik ayol qanday qilib totalizator o‘yiniga kirib qolgani va qisqa muddat ichida 50 mln so‘m yutqazgani haqida gapirib berdi.

“Boshida bir-ikki tanishlarim mening telefonimda o‘yin programmasini o‘rnatib olishdi va o‘ynay boshlashdi. Boshida oz-moz yutib turgandi, keyin yutqaza boshladi va asabiylashdi. Keyin uning o‘rnidan o‘ynab yutqazgan summasiga teng miqdorda pul yutib berdim. Shu orada o‘zim ham qiziqib ketdim. Men buning qimor ekanini bilmasdim. Bir-ikki marta yutdim va to‘satdan 1 mln so‘m atrofida yutqazdim, keyin uni qaytarib olaman deb yana o‘yinga kirib ketdim. Tanishlarim meni o‘yinga judayam berilib ketganimni ko‘rib: “10-15 kishi o‘ynaganini bilamiz, lekin ularning yutgani yutqazganidan ancha kam”, deb qaytarmoqchi bo‘lishdi. Men esa har xil usulda o‘ynab ko‘rishda davom etdim.O‘yinni boshlaganimga 5 oy o‘tgan bo‘lsa, shu vaqt ichida 50 mln so‘m yutqazdim. Shu o‘yinni o‘ynaganimga rosa pushaymon qilaman. Oxiri kelib shuncha pul yutqazishimni bilsam o‘ynamas edim. Bolalarimning rizqini qimorga tikkanimga afsusdaman”, – deydi farg‘onalik ayol.

Yana bir o‘yinga mukkasidan ketgan suhbatdoshimiz esa 50 ming dollar yutqazganini, bu pullarni to‘lash uchun hammadan qarz olaverib, do‘stlari va yaqinlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketganini ta'kidlaydi. U hattoki qarzlaridan qutulish uchun totalizator o‘yini tashkilotchilarini o‘ldirishni ham o‘ylagan.