13:27 / 30.09.2021
5458

«To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi

Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida yuridik shaxslar, fuqarolar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunda to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblashni to‘xtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablag‘larini jalb etish hamda sog‘lomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni ko‘zda tutish kabi tartiblar o‘z aksini topmoqda.

Qonun bilan sud boshqaruvchisining huquqlari kengaytirilmoqda, jumladan, Davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan oldindan to‘lovlarni amalga oshirmasdan foydalanish, davlat organlaridan qarzdor faoliyati bo‘yicha ma'lumotlarni bepul olish, mulki bo‘lmagan korxonalarni tugatishda sud boshqaruvchisiga haq to‘lash kabi yangi tartiblar belgilanmoqda.

Fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishga ixtisoslashuvi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan advokatlarga ham to‘lovga qobiliyatsizlik taomillarini o‘tkazish huquqi berilgan.

Ulush kiritish asosida qurilgan uy-joylarni xarid qilgan mulkdorlar huquqlari himoyasini ta'minlash maqsadida quruvchilarni to‘lovga qobiliyatsiz deb topishning alohida tartibi ishlab chiqilgan.

Qarzdor yuridik shaxsga sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomili qo‘llanishiga erishgan sud boshqaruvchisini rag‘batlantirish, qo‘shimcha huquq va vakolatlar berish va boshqa normalar taklif etilmoqda.

Qonunga qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari oqibatida kreditorlarning talablari to‘liq qoplanishini imkonsiz qilib qo‘ygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari bo‘yicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar bo‘lishi qoidasi kiritilmoqda.

Qonunda jismoniy shaxslarning manfaatlariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, qarzdorning (jismoniy shaxsning) oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni to‘lov grafigi asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top