Bu ta'lim maskani o‘qituvchilarini nafaqat ustoz deb, balki imkoniyati cheklangan shogirdlarini orzular sari intilib, ertangi yaxshi kunlarga ishonishga, dunyoni tafakkur va tasavvur bilan anglashga ko‘mak beruvchi fidoyilar deb atash mumkin.

Biz Asakadagi 16-sonli imkoniyati cheklangan ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatidamiz.

Mazkur ixtisoslashgan maktabda 171 nafar imkoniyati cheklangan bolajonga 74 nafar o‘qituvchi va tarbiyachilar ta'lim-tarbiya berish bilan birga, hayot so‘qmoqlarida qoqilmay yashash sirlarini o‘rgatadilar.

Biz ta'lim dargohidagi o‘ziga xos tarbiya berish uslublari va o‘quvchilarning hayoti bilan tanishdik.

“Ota-onalar bolalarining ko‘zlari nogiron bo‘lib tug‘ilganliklaridan qattiq iztirobga tushishadi. Ming o‘y bilan bizning maktabga olib kelishgach, oradan ko‘p vaqt o‘tmay farzandining bilim olishdagi kichik muvaffaqiyatlari ularni quvontirib, bolasining kelajagi haqida o‘ylay boshlashadi.

Mening o‘quvchilarim judayam sezgir, iqtidorli va g‘ayratli. Bir o‘quvchi qizim uyida qo‘shni qiz bilan daraxtning qanday ekani haqida bahslashib ketibdi. Ota-ona uni zimdan kuzatib turgan ekan. O‘quvchim daraxtni shunday tasvirlab beribdiki, hatto yonidagi ko‘zi sog‘lom o‘rtog‘i daraxtning bunday chiroyliligini aqliga ham sig‘dira olmagan ekan. Ota-ona mening oldimga kelib, bolasining shunday gaplar gapirganidan, daraxtni shunday tasvirlab berganidan xursand bo‘ldi va rahmat aytdi”, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Soliyaxon Rahimova.

Soliyaxonning sinfidagi dars jarayonida bo‘lib, o‘qituvchi yordamida bolalarning turli predmetlarni so‘z orqali qanday tasvirlaganiga guvoh bo‘ldik. Bolalar darsda juda faol qatnashishadi. Ularning bilimga chanqoqligidan hayratlanish mumkin.