O‘zbekiston | 11:02 / 03.10.2021
10766
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoir Makronning so‘zlaridan keyin Fransiyadagi elchisini chaqirtirib oldi

Jazoir Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning “mas'uliyatsiz” so‘zlaridan keyin Fransiyadagi elchisi Muhammad Antar-Dovudni maslahatlashuvlar uchun ortga chaqirtirib oldi. 

Foto: Reuters

“Parijdan elchini chaqirtirib olish qarori Fransiya prezidentining mas'uliyatsiz bayonotlari bilan bog‘langan”, deb aytilgan Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun matbuot xizmatining Twitter’dagi bayonotida.

Jazoir prezidenti uning davlati “mamlakatning ichki ishlariga har qanday aralashuvni mutlaq qabul qilmasligini” aytgan. Tabbun Makronning aynan qaysi so‘zlarini nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. Deutsche Welle nashrining yozishicha, Jazoirning Fransiyadagi elchisini chaqirtirib olish qarori 2 oktyabrda Le Monde fransuz nashrida chop etilgan maqola bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Unda aytilishicha, 30 sentyabrda Makron Yelisey saroyidagi qarorgohida 1954-1962 yillar davomida Jazoir mustaqilligi uchun borgan urushning bosh qahramonlari avlodlari bilan uchrashgan. Suhbat chog‘ida Makron Jazoir nomiga tanqidiy fikrlar bildirib, jumladan mamlakatni “harbiy-siyosiy tuzum” boshqarishini, mamlakat tarixi esa “Fransiyaga adovat bilan yo‘g‘rilgan holda qayta yozilgani”ni aytgan.

Makronning bu so‘zlari Jazoir ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan.

Avvalroq, o‘tayotgan haftada Fransiya hukumatining rasmiy vakili Gabriel Attal Parij Marokash, Jazoir va Tunis fuqarolariga viza berilishi talablarini qat'iylashtirishini ma'lum qilgan. Attalning ta'kidlashicha, bu qaror ushbu davlatlar hukumatlari Fransiyada noqonuniy tarzda qolayotgan va mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan o‘z fuqarolarini “qayta qabul qilmayotgani” sababli qabul qilingan. Parijning ta'kidlashicha, bu muhojirlar orasida radikallar uchramoqda. Shu sababli Fransiya hukumati ushbu davlatlar fuqarolariga beriladigan vizalarni ikki marta qisqartirishga qaror qilgan.

Ushbu qarordan keyin Fransiya elchisi Jazoir tashqi ishlar vazirligiga tushuntirish berish uchun chaqirtirilgan.

Jazoir Fransiyaning sobiq mustamlakasi hisoblanadi. Fransiya Jazoirda davom etgan 8 yillik urushdan keyin 1962 yilda Jazoirning mustaqilligini tan olgan.

Mavzuga oid