Qatarda mamlakat tarixidagi birinchi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi
2 oktyabrda Qatarda mamlakat tarixidagi birinchi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovchilar 233 nomzoddan parlamentning uchdan bir qismini, ya'ni 30 deputatni saylashlari kerak bo‘lgan.
Saylovlardagi davomat 63,5 foizni tashkil qilgan. Ayni vaqtda ovozlar hisob-kitob qilinmoqda.
Yana 15 deputat Qatar amiri tomonidan tayinlanadi. Nomzodlar orasida 10 foizga yaqinini ayollar tashkil qilgan.
Qatarda tarixan qonunchilik hokimiyati amir tomonidan amalga oshirilgan. 1972 yilda Maslahat kengashi - Majlis ash-Sho‘ro ta'sis etilgan. Uning 35 a'zosi amir tomonidan 4 yilga tayinlangan. Mamlakatning 2005 yilgi konstitutsiyasiga ko‘ra, Majlis ash-Sho‘ro parlament saylovlaridan keyin 45 deputatdan tashkil topgan bir palatali parlamentga aylanishi kerak. Unda 35 deputat ovoz berish yo‘li bilan saylanadi, qolgan 15 deputat amir tomonidan 4 yilga tayinlanadi.
“Avval bizning o‘rnimizga rahbarlar tanlovni amalga oshirgan, endi esa uni biz – xalq amalga oshirdi va bu mamlakat kelajagi, uning taraqqiyoti uchun muhimdir hamda biz bu jarayonning bir qismi bo‘lganimizdan mamnunmiz”, deb aytgan saylovchilardan biri Dabiya as-Slayti.
Mamlakatda birinchi parlament saylovlari 2013 yilda o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq Qatarning sobiq amiri shayx Hamad bin Halifa Ol Soniy o‘sha yil iyunda, taxtdan o‘z o‘g‘li foydasiga voz kechishdan oldin Maslahat kengashi vakolatlarini noma'lum muddatga uzaytiruvchi farmonni qabul qilgani sababli o‘tkazilmagan. 8 yil o‘tgachgina, Qatarning hozirgi amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy 2021 yil avgustida saylovlar 2 oktyabrda o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilgan.
Parlament qonunlar ishlab chiqaradi, davlat budjetini tasdiqlaydi, muhim masalalarni muhokama qilib, amirga o‘z maslahatlarini beradi. Biroq u mudofaa, xavfsizlik va iqtisodiyot masalalarida qonunchilik hokimiyatiga ega emas.
Qatar aholisi 2,8 mln kishini tashkil qilib, undan 10 foizigina ovoz berish huquqiga ega. Amaldagi qonunlarga ko‘ra, amirlikda 1930 yilgacha yashagan fuqarolar avlodlari vakillarigina saylovlarga o‘z nomzodlarini qo‘ya olgan . Bu cheklov ba'zi qabilalar vakillari orasida norozilikka sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid
09:10 / 03.10.2024
O‘zbekistonliklar Qatarga ishga yuboriladi
10:40 / 13.09.2024
Qatar o‘zbekistonlik talabalar uchun ta’lim grantlari sonini ko‘paytirishi mumkin
12:16 / 10.09.2024
Saida Mirziyoyeva Qatarga tashrif buyurdi
09:10 / 18.07.2024