Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil dunyodagi eng yirik gaz koniga zarba berdi. Gaz narxi ko‘tarilib ketdi
Eron esa bunga javoban Qatarga hujum qildi – suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik klaster zarba ostida qoldi.
Foto: Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA
Isroil 18 mart kuni Janubiy Forsga – dunyodagi eng yirik gaz konining Eronga tegishli qismiga (ikkinchi qismidan Qatar foydalanadi) zarba berdi. Erondagi Tasnim va Mehr davlat agentliklariga ko‘ra, Asaluyye nomli sanoat shahri atrofidagi neft-kimyo korxonalariga ham hujum qilingan.
Janubiy Fors koni zaxiralari 14,2 trillion metr kub deb baholanadi. Reuters agentligi qayd etishicha, bu 13 yil mobaynida butun dunyoning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli hisoblanadi.
Social Media / Reuters / Scanpix / LETA
Erondagi gaz qazib olishning 70 foiz qismi Janubiy Fors hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu gaz asosan ichki bozorga yetkazib beriladi, ammo bir qismi Turkiya va Iroqqa ham eksport qilinadi. Isroil zarbalaridan keyin gaz yetkazib berish to‘xtatilgan.
Iroy elektr stansiyalari ishlashi uchun kerak bo‘lgan gazning uchdan bir qismi Erondan import hisobiga qoplanadi, deya qayd etadi Anadolu. Erondagi INA agentligi xabariga ko‘ra, Iroq energetika vazirligi elektr stansiyalar hozircha mahalliy resurslardan foydalanayotgani va vaziyat «nisbatan barqarorligi»ni bildirgan, shu bilan birga, Eron gazi yetkazib berilishi to‘xtatilishi «jiddiy risk» tug‘dirishidan ogohlantirgan.
Iroq TIV Janubiy Fors bo‘ylab zarbalarni qoralagan va bu zarbalar «jiddiy keskinlashuv hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid», shuningdek, «xalqaro huquqning fundamental prinsiplari va normalari buzilishi» ekanini qayd etgan. BAA rasmiylari ham Janubiy Fors bo‘ylab zarbalarni nafaqat global energiya ta’minotiga, balki mintaqaviy xavfsizlikka ham to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soladigan «jiddiy eskalatsiya» deb atagan. Qatar hujumni «xavfli va mas’uliyatsizlik bilan tashlangan qadam» sifatida baholagan.
RF prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyev Janubiy Fors bo‘ylab zarbani «burilish pallasi» deb atadi, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful esa Eron bilan urush «nafaqat bu mintaqani, balki butun dunyoni chuqur inqirozga olib kirishi»ni aytdi.
Janubiy Fors bo‘ylab zarbalardan keyin Eron bunga javoban AQShning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarning «yoqilg‘i, energetika va gaz infratuzilmalari»ga hujum qilishini ma’lum qildi. Eron televideniyesi javob zarbalari uchun «qonuniy nishonlar» ro‘yxatiga Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA neft-gaz obektlari kiritilganini e’lon qildi.
18 mart kuni kechqurun Eron Qatardagi Ras-Laffan kompleksiga – dunyodagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish klasteriga hujum qildi va Pearl GTL gazni qayta ishlash qurilmasiga «jiddiy zarar» yetkazdi.
19 mart tongida QatarEnergy neft-gaz kompaniyasining suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha bir necha obektlari Eron tomonidan takroriy raketa zarbalariga uchradi. Hujum kuchli yong‘inlar keltirib chiqargan.
Jahonda suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishning 20 foizi Qatar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirda Ras-Laffan kompleksi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Hujumdan so‘ng Qatar Eron elchixonasi huzuridagi harbiy attashe va xavfsizlik masalalari bo‘yicha attasheni persona non grata deb e’lon qildi va ulardan mamlakatni tark etishni talab qildi. Qatar TIV bu qaror Eronning «aniq tajovuzi» va uning mamlakat suvereniteti va xavfsizligini buzgan harakatlariga javoban qabul qilinganini ta’kidlagan. Saudiya Arabistoni esa neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan zarbalardan so‘ng, agar zarur deb hisoblasa, Eronga qarshi «harbiy choralar qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qolishi»ni ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Fors gaz koniga zarbalarni «Yaqin Sharqda bo‘layotgan voqealarga javoban» Isroil yo‘llagani, ammo AQSh «bu hujum haqida oldindan bilmagani», Qatar esa «bunga hech qanday shaklda aloqador bo‘lmagani»ni aytdi. Tramp Qatar bo‘ylab zarbani «asossiz va adolatsiz» deb atadi.
Ammo Axios nashri jurnalisti Barak Ravid Amerikadagi va Isroildagi manbalariga tayanib, Tramp Isroilning konga hujumi haqida xabardor bo‘lgani va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan zarbani muvofiqlashtirganini xabar qildi. Ravidning suhbatdoshlari versiyasiga ko‘ra, AQSh prezidenti Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishni to‘sib qo‘yganiga javoban Janubiy Fors bo‘ylab zarba berishni ma’qullagan.
Tramp Isroil Janubiy Fors bo‘ylab boshqa zarba yo‘llamasligini va’da qilgan, shu bilan birga, agar Eron Qatarga yana hujum qiladigan bo‘lsa, konni «butunlay portlatib yuborishi» bilan tahdid qilgan.
Janubiy Fors bo‘ylab zarbalar va Eronning Qatarga hujumi ortidan neft va gaz narxi keskin ko‘tarilib ketdi. 19 mart kuni ertalab Yevropa birjalarida gaz 25 foizdan ortiqroqqa qimmatlagan. Hozirda Yevropada gazning birjadagi narxi AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan oldingi narxlarga qaraganda ikki baravar yuqori bo‘lib qolmoqda.
Neft narxi ham o‘smoqda. Brent aralashmasining narxi savdolar ochilganidan keyin bir barrel uchun 119 dollarga yaqinlashdi. Londondagi ICE birjasida bir barrel uchun 114 dollardan sotilgan. Urush boshlanishidan oldin Brent neftining bir barreli 73 dollar atrofida edi.