O‘zbekiston | 20:42 / 05.10.2021
3117
5 daqiqa o‘qiladi

“Hozirgi parlamentni besh yil oldingisi bilan qiyoslab bo‘lmaydi” – Sodiq Safoyev parlamentga oid 6 o‘zgarishni sanadi

5 oktabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston: besh yillik islohotlar” nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev besh yillikda parlamentdagi o‘zgarishlarni sanadi.

“Har bir mamlakatning zamonaviylashganining asosiy belgilaridan biri – bu hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi bir-birini tiyib turish va nazorat qilish mexanizmlari yaratilgani bilan bog‘liq. O‘zbekistonda oxirgi besh yil mobaynida eng muhim islohotlardan biri – bu parlament, xalq vakillarining davlat va xalq muammolarini hal qilishdagi o‘rni va ta'sirining oshgani bo‘ldi. Bugungi kundagi O‘zbekiston parlamentini besh yil oldingi parlament bilan qiyoslab bo‘lmaydi”, – deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sodiq Safoyev parlament faoliyatidagi 6 o‘zgarishni sanadi:

Qonun ijodkorligi

Birinchi navbatda, qonun ijodkorligi tobora takomillashtirilmoqda. Bir narsani aytmoqchiman, bugun quyi palatada ham Senatda ham qonun qabul qilish jarayoni faqat deputat va senatorlar bilan cheklanmayapti. Har bir qo‘mita qoshida ijtimoiy ekspert komissiyalari ta'sis etilgan va ular qonunning birinchi bosqichidan boshlab uni ishlab chiqishda ta'sir ko‘rsatadi. Bu komissiyalarga, avvalambor, mutaxassis, olimlar, NNT vakillari kiradi. Ular butun jamiyat spektrining fikrlarini qamrab olish uchun imkoniyat bermoqda.

Parlament ochiqligi

Yana bir o‘zgarish – parlament faoliyatining ochiqligi. Men bilmayman, boshqa mamlakatlarda senat majlislari onlayn uzatilishini, ammo bizning senatimizning yalpi majlislari onlayn rejimda butun xalqqa ko‘rsatiladi va aholi nafaqat uni kuzatishi mumkin, balki interaktiv tarzda muhokamalarga o‘z munosabatini bildirishi, savol berish imkoniyati bor. Bu parlament ochiqligi va shaffofligini ko‘rsatadi.

Nazorat funksiyasining kuchaygani

Nazorat parlamentning asosiy funksiyalaridan biri. Bugungi kundagi hukumat a'zolari, vazirlar kelib parlament so‘rovi bo‘yicha axborot beradi. Bu shunday jarayonki, har bir eshituv parlamentda chuqur tayyorlanadi. Faqatgina hukumat a'zolari emas, mahalliy organlar viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish amaliyotini joriy etganmiz.

Budjet masalasi

2016 yildan oldingi davrda parlamentga keladigan budjet nihoyatda umumlashtirilgan edi. Ya'ni absolyut raqamlardan iborat bo‘lmagan tushunilishi qiyin bo‘lgan hujjat kelardi. Bu shunchaki ko‘rib chiqiladigan masala edi. Hozir esa budjet qo‘mitalarda, yalpi majlislarda oylab ko‘rilmoqda, parlament tomonidan berilgan tavsiyalar asosida budjetga yirik o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Birinchi navbatda ular ijtimoiy soha, ta'lim, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq.

Parlamentga hisobdorlik

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi elchilari senat oldida muntazam hisobot berishadi. Bu hali bitta misol, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Markaziy bank raisi, Hisob palatasi raisi – barchasi parlamentga hisobot beradi.

Oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri mahalliy kengashlarni rivojlantirish. Demokratik jarayonlar uchun bu juda muhim. Oxirgi besh yilda ko‘rib turibmiz, mahalliy kengashlar tutgan o‘rni rivojlanmoqda. Viloyat, tuman, shahar hokimlari o‘z tegishli kengashlari oldida hisob bermoqda. Davlat organlarining mahalliy bo‘g‘inlari ham muntazam ravishda mahalliy kengashlarga o‘z hisobotlarini berishi kerak. Mahalliy kengashda shakllanayotgan qo‘shimcha tushumlarni taqsimlash mahalliy kengashlar roziligini talab etadi. Bu demokratiyaning yana bir ko‘rinishi.

Xalqaro parlamentlararo munosabatlar tiklandi

Hech qachon bizda bo‘lmagan – mamlakatlararo parlamentlar munosabati o‘rnatildi. Umumiy masalalarni emas, mintaqalar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, biznes uchun imkoniyat yaratish masalalarini ko‘rib chiqmoqdalar. O‘zbekiston mintaqalararo, parlamentlararo tashkilotlarda o‘z faoliyatini munosabatlarini tikladi. MDH parlament assambleyasi, Yevropadagi xavfsizik va hamkorlik tashkiotining parlament assambleyasida to‘xtatilgan faoliyati yangidan boshlandi.

Endilikda, parlament oldida turgan vazifa – to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish hisoblanadi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid