O‘zbekiston | 15:28 / 05.10.2021
4905
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Ashxobod Afg‘onistonda barqarorlik va tinchlik qaror topishidan manfaatdor - Shavkat Mirziyoyev

Foto: KUN.UZ

Prezident Shavkat Mirziyoyev turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvda muhokama qilingan mavzular haqida ma'lumot berdi.

«Sizga mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz deyman. Turkmaniston bizning yaxshi qo‘shnimiz, strategik hamkorimiz hisoblanadi. So‘nggi yillarda o‘rtamizdagi tovar ayirboshlash uch barobar ortdi, hatto pandemiya davrida ham bu ko‘rsatkich 25 foizga ko‘tarildi.

Tor doirada biz hurmatli Gurbanguli Malikguliyevich bilan barcha masalalarni muhokama qildik. Iqtisodiy forum yakunlariga ko‘ra 400 mln dollarlik shartnomalar imzolandi va bu faqat boshlanishi. 

Ayniqsa chegaraoldi savdoga jiddiy e'tibor berildi. Logistika markazlari, hamkorlikdagi ishlab chiqarishni rivojlantirishimiz zarur. Har ikki davlat uchun juda muhim bo‘lgan suv masalasiga alohida to‘xtaldik.

Madaniy aloqalarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Pandemiya bu boradagi ishlarimizni cheklab qo‘ydi, lekin tiklash vaqti keldi. O‘zbekistonda yashovchi 200 mingdan ortiq turkman millatiga mansub aholi biz bilan hamjihatlikda yashab kelmoqda. Toshkentdagi «Ashxobod» istirohat bog‘i juda gavjumligini bilasiz. Endi Ashxobodda «Toshkent» bog‘i barpo qilinayotgani o‘zaro munosabatlarimiz naqadar do‘stona ekanligidan darak beradi.

Albatta, biz Afg‘oniston masalasini alohida muhokama qildik. Biz, har ikki davlat hududda barqarorlik va tinchlik qaror topishidan manfaatdormiz», deya O‘zbekiston rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirishga, ushbu mamlakatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda turkmanistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga so‘z berdi.

«Hurmatli Shavkat Miromonovich, samimiy mehmondo‘stlik va rasmiy tashrif uchun turkman xalqi tomonidan qardosh o‘zbek xalqiga minnatdorligimni qabul qiling. Biz siz bilan siyosiy, iqtisodiy, investitsion va madaniy masalalarni muhokama qilish uchun uchrashmoqdamiz. Biz hududda barqarorlik bo‘lishi uchun birimizni qo‘llab-quvvatlagan holda xalqaro arenadagi harakatlarimizni muvofiqlashtirib boramiz. 

Turkmaniston va O‘zbekiston Markaziy Osiyo va qo‘shni hududlarda ziddiyatlar bo‘lmasligi bo‘yicha qat'iy pozitsiyaga ega», dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid