O‘zbekiston | 13:17 / 12.10.2021
2589
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Buxoroda xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif qildi

Foto: Milliy mass-media fondi

Ko‘hna va boqiy Buxoro insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.

“Bu qutlug‘ diyorda o‘tmishda 400 ga yaqin madrasa, jumladan, 33 ta oliy madrasa, ya'ni, oliy o‘quv yurti faoliyat yuritgani bugun ham odamni hayratga soladi.

Buxoro – Imom Buxoriydek buyuk hadisshunos olimlar, Muhammad Narshaxiydek ulug‘ tarixchilar, Ibn Sinodek tibbiyot ilmining piri bo‘lgan tengsiz allomalar, qadri baland insonlar yurti. Buxoro – “yetti pir” nomi bilan ma'lum va mashhur bo‘lgan aziz-avliyolar xoki poklari yotgan muqaddas zamindir.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Buxoroi sharifdan bugungi kungacha uch mingdan ziyod mashhur olim va adiblar, siyosat va jamoat arboblari, madaniyat namoyandalari yetishib chiqqan. 

Ramziy ma'noda aytsak, birinchi va ikkinchi Renessans ravnaqiga mislsiz hissa qo‘shgan Buxoroning uch mingdan ziyod allomalari, ilm va ma'rifat osmonini yulduzlar kabi yoritib turibdi. Ularning bebaho merosini bugungi avlodga yetkazish maqsadida “Buxoroning buyuk allomalari merosi” nomli ko‘p jildli kitoblar turkumini nashr etsak, men o‘ylayman, o‘rinli bo‘ladi. 

Bu haqda gapirganda, eng avvalo, jahon tibbiyot ilmining sultoni, buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino nomini faxr bilan tilga olishga haqlimiz. Bu ulug‘ olim, ilm-fanning turli sohalarida 400 dan ziyod nodir asarlar yozgani ma'lum. Shu ma'noda, buyuk ajdodimizning bebaho merosini chuqur o‘rganish, mamlakatimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish maqsadida, “Abu Ali ibn Sino va Sharq Renessansi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish an'anasini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid