Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi joriy yilning 8 oktabr kuni O‘zbekistonda davom etayotgan prezidentlik saylovi kampaniyasi yuzasidan oraliq hisobotini e'lon qildi.
Qator tavsiyalar hisobga olingan, ayrimlari hali ham ko‘rib chiqilmagan
Saylovning huquqiy asosi bo‘lgan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarda DIIXBning avvalgi bir qator tavsiyalari hisobga olingani qayd etilgan. Jumladan saylov kampaniyasi tadbirlari to‘g‘risida 30 kun avval rozilik olish talabi olib tashlanib, o‘rniga 3 kun avval xabar qilish talabi kiritilgan. Shuningdek, davlat xizmatidagi kishilar tomonidan kampaniya o‘tkazish taqiqlanishi, oraliq kampaniya moliya hisobotlari, saylov nizolarni hal qilishdagi borasidagi sud organlarining vakolatlari ajratilishi shular jumlasidan.
Shu bilan birga, DIIHBB boshqa fundamental huquq va erkinliklarni muhofaza qilishdagi kamchiliklarga doir tavsiyalari O‘zbekiston tomonidan hali ham ko‘rib chiqilmaganini bildirgan.
«DIIXBning ancha avvalgi tavsiyalari, jumladan ovoz berish huquqlariga, mustaqil nomzodlarni taqiqlashga va kampaniyani muqobil manbalardan moliyalashtirishga va fuqaro kuzatuvchilarga yo‘l qo‘yish hamon ko‘rib chiqilmagan. Konstitutsiyada kafolatlangan fundamental inson huquqlari va erkinliklari quyi qonunlar bilan cheklanganligicha qolmoqda. DIIXBning avvalgi tavsiyalariga qaramay, tuhmat va obro‘ga putur yetkazish, garchi 2020 yilda ushbu qilmish uchun sanksiyalar qatoridan qamoq jazosi olib tashlangan bo‘lsa-da, hamon jinoyat hisoblanadi.
Ekstremizm keng ta'riflanib, erkin talqin va qo‘llash imkoniyatiga yo‘l qo‘yadi. 2021 yildagi konstitutsiyaga o‘zgartish bilan yig‘ilish erkinligini qonun osti aktlar bilan cheklash taqiqlandi, ammo yig‘ilish erkinligi biror maxsus qonun bilan tartibga solinmaydi. Biroq, jinoyat va ma'muriy qonunlarda noqonuniy yig‘ilishlar va ro‘yxatga olinmagan uyushmalar taqiqlanadi va ular uchun jazo tayinlangan. DIIXB avval ortiqcha yuk hosil qiladigan va ixtiyoriy qo‘llashga ochiq deb baholagan siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir qonun hujjatlari hamon o‘zgartirilmagan», – deyiladi YeHXT tegishli byurosi hisobotida.
2020 yilda migratsiyaga doir nizomlar liberallashtirilib, xorijga chiqish vizalari (OVIR) bekor qilingach, yashash joyini tanlash osonlashgan, bu esa o‘z navbatida saylovchilarni ro‘yxatga olishga ta'sir ko‘rsatgani qayd etilgan. Bundan tashqari, 2021 yilda O‘zbekiston tomonidan BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi nogironlarning siyosiy hayotda kamsitilishlarsiz qatnashuvini kafolatlashi aytilmoqda.










