Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMTning Afg‘onistonga gumanitar yordami O‘zbekiston orqali yetkaziladi
BMTning Afg‘onistonga gumanitar yordami uchta samolyotda Termiz shahriga yuboriladi va u yerdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga olib boriladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Afg‘onistondagi og‘ir iqtisodiy inqiroz holatini yumshatish uchun jahon hamjamiyatidan so‘ralgan 606 mln dollar mablag‘ning 35 foizigina yig‘ilgan.
Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘oniston masalasi bo‘yicha favqulodda yig‘ilishga to‘plangan G20 davlatlari vakillariga murojaat qilib, bu mablag‘lar Afg‘oniston iqtisodiyoti to‘liq qulashining oldini olish uchun zarurligini ta'kidladi.
BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha idorasi rahbari Babar Baloxning ma'lum qilishicha, tashkilot ichki ko‘chish oqibatida og‘ir vaziyatga tushib qolgan 100 minglab afg‘onlar uchun Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakatlarda logistik markazlarni tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda.
“Kechasi havo harorati pasayib bormoqda, uysiz qolgan odamlar shoshilinch yordamga muhtoj”, – dedi Balox. Uning so‘zlariga ko‘ra, yordamga muhtoj afg‘onistonliklar soni 20 millionga yetgan va ularning soni har kuni o‘sishda davom etmoqda.
Qochqinlar masalalari bo‘yicha tashkilot yaqin kelajakda afg‘on xalqi uchun gumanitar yordam ortilgan uchta samolyotni Termiz shahriga yuborishni rejalashtirmoqda. Yuklar bu yerdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga olib boriladi.
Birinchi insonparvarlik yordami ortilgan samolyotning oktabr oyi o‘rtalarida Termizga yetib kelishi ko‘zda tutilgan.
BMT bugungi kunda afg‘on oilalarining atigi 5 foizi yetarli darajada oziq-ovqat bilan ta'minlangani, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi to‘yib ovqatlanmayotganiga alohida urg‘u berdi.
Mavzuga oid
14:26 / 05.07.2026
Afg‘onistondan dronda narkotik olib o‘tishning oldi olindi
13:47 / 29.06.2026
Pokiston yana Afg‘onistonga hujum qildi
18:19 / 22.06.2026
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida aviaqatnovlar soni oshiriladi
09:05 / 17.06.2026