O‘zbekiston | 12:55 / 13.10.2021
1934
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining 2 nafar xodimi kam ta'minlangan oilalarga ajratilgan pullarni o‘zlashtirgani ma'lum qilindi

Qashqadaryoda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining 2 nafar xodimi kam ta'minlangan oilalarga ajratilgan pullarni o‘zlashtirgan. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 13 oktabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyat mas'ullari ishtirokida «Obod qishloq», «Obod mahalla» va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda viloyat hokimi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining ikki nafar xodimi kam ta'minlangan oilalarga ajratilgan pullarni o‘zlashtirganini ma'lum qilgan.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va bemorlarga, shuningdek, OTMda tahsil olayotgan kam ta'minlangan oilalarning farzandlariga shartnoma pullarini to‘ladik. Ammo talonchi ichimizdan chiqdi. Mahalla boshqarmasining 2 nafar xodimi kam ta'minlangan oilalarning nomiga pul yozdirib, o‘zlashtirgan. Surishtiruvlar tugasin, hali boshqa odamlar ham chiqib keladi ortidan. Hali mahallalar raislari murojaat qilmagan fuqarolarga hujjat rasmiylashtirganini qanday oqlaydi? Davlatni xalqqa yomonotliq qilib ko‘rsatadigan mas'ullar to‘liq qonun oldida javob beradi. Vijdonli rahbarlar ko‘p, vijdonsizlari ham kam emas», degan viloyat hokimi.

Yig‘ilishda shuningdek OAVda tanqid qilinayotgan rahbarlarning toqatsizligi ham tanqid qilingan.

«Ayrim rahbarlarda mas'uliyat va fidoyilik yetishmayotgani aniq gap, — dedi viloyat rahbari. — Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganlaridek, bugungi davrda e'tiborsiz ishlab, bajarilmagan ishni bajarildi, deb kimni aldaymiz? OAVda xatolaring e'lon qilinsa, ish qolib, jurnalist yoki blogerni izlay boshlaysan. Maktab ta'miri va unga eltadigan yo‘l va yo‘laklar oxiriga yetmagan vaqtda qaysi vijdon bilan xotirjam uxlaymiz?», degan Zoyir Mirzayev.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid