Sport | 20:11 / 16.10.2021
27001
3 daqiqa o‘qiladi

«Kino davom etyapti. Hakamlarga qachon insof kiradi?» - «Qizilqum» bosh murabbiyi «Paxtakor» bilan o‘yindan keyin hakamlarni keskin tanqid qildi

O‘zbekiston Superligasi 22-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» - «Qizilqum» (4:2) uchrashuvidan so‘ng, navoiyliklar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov matbuot anjumanida hakamlarni keskin tanqid ostiga oldi. 

Foto: Tribuna.uz

«Bugungi o‘yin haqida nima ham deya olardim? Har doimgi kino davom etyapti. Hakamlarga qachon insof kiradi? E'tirozlarimizni yozyapmiz, yuqori idoradagilar ularni befarq qoldirishmaydi, deb umid qilamiz. Menimcha, bugun yomon o‘yin ko‘rsatmadik. Ikkala penalti ham noto‘g‘ri belgilandi. Bilmadim, buning oxiri nima bo‘ladi, qachon bu kabi ishlar tugatiladi? Bir qator hakamlarning jiddiy jazolanishiga qaramay, ularning faoliyatida o‘nglanish kuzatilmayapti. Men hakamlikdan noroziman. 

Hakamlar nima qaror chiqarsa ham, qonunga to‘g‘ri kelaveradi. Lekin to‘p futbolchining qo‘liga tegmadi. Islom (To‘xtaxo‘jayev) hech qachon yolg‘on gapirmaydi. Qo‘lga tekkandek tasavvur uyg‘otgan bo‘lishi mumkin, ammo oyoqqa tegdi. Ikkinchi penaltida qoida jarima maydoni tashqarisida buzildi, lekin 11 metrga ishora qilindi. Hakamning o‘zi ham dastlab jarima zarbasi belgilagandi, keyin unga kim nima dedi — penalti belgilab yubordi. Mayli, hakamlar 50/50 vaziyatlarni ham ularga bersin, lekin o‘yinni to‘g‘ri boshqarsin. Oxirgi 2-3ta o‘yindan beri hakamlarning xatosi tufayli durang o‘ynaymiz, mag‘lubiyatga uchraymiz. Ochig‘i, futboldan ham to‘yib ketdik. 

Jismoniy holat? Jamoam yana 2 taym futbol o‘ynashi mumkin edi. Hakamning qarorlari sabab ruhan sinishdi. Islom Kenjaboyevni hakam kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kibdi. Men buni yozaman, oxirigacha boraman. Misol uchun, birinchi penalti belgilangan vaziyatda avvalroq jarima zarbasi bo‘lgan edi. «Paxtakor» futbolchilari qanotda amalga oshirilgan fol uchun deyarli maydon markazidan to‘pni o‘yinga kiritishlariga ruxsat berildi va vaziyat so‘ngida nohaq penalti belgilandi. 

Futbolimiz haqqoniy bo‘lib, rivojlanishiga hakamlarning ham yordami kerak. Ular uchrashuvni to‘g‘ri boshqarsa, futbol rivojiga hissa qo‘shgan bo‘ladi», - dedi Aktamov. 

Ma'lumot uchun, «Paxtakor» - «Qizilqum» bahsini Firdavs Norsafarov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. Toshkent klubi ushbu g‘alabadan keyin ochkolari sonini 54taga yetkazib, navbatdagi chempionlikka juda yaqin keldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid