12:47 / 16.10.2021
19365

«MYu» va «Barsa» uchun jiddiy sinov, Shomurodov «Yuventus»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Kichik tanaffusdan so‘ng, milliy chempionatlarda navbatdagi marafonga start beriladi va jamoalar keyingi 20 kunda 4 tur va yevrokuboklarda ishtirok etadilar. Demak, deyarli har kuni biz klublar futbolidan bahra olishimiz mumkin. Tabiiyki, asosiy bahslar dam olish kunlariga mo‘ljallangan va biz an'anaga ko‘ra navbatdagi anonsimizni taqdim qilamiz.

APL. 8-tur

16 oktabr (shanba)

LeSTeR – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: FutbolTV

Sulsher juda muhim sinov davriga kirib kelmoqda. Jamoa keyingi yigirma kun ichida «Lester», «Liverpul», «Tottenhem» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarda ishtirok etadi. Bular orasida ikki marotaba «Atalanta»ga qarshi YeChL o‘yinlari ham bor. Nisbatan osonroq taqvimda «Aston Villa» va «Everton»ga ochko berib, yaqqol peshqadamga aylanish imkoniyatini boy bergan «Manchester Yunayted» endi yuqorida tilga olingan raqiblar bilan o‘yinlarda peshqadamlar safida qolishni uddalashi kerak. Ko‘pchilik aynan mana shu davr Sulsherning Manchesterdagi kelajagini belgilab beradi, deb ham hisoblashmoqda.

Foto: Getty Images

Boshqa tarafdan, odatda Sulsherning inqirozlari uzoqqa cho‘zilmaydi va murabbiy qiyin holatlarda o‘zini o‘nglab olgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Shuningdek, kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynash doim «MYu» uchun qulay bo‘lib kelmoqda. Ochko yo‘qotmaslik shart bo‘lgan o‘yinlarda qiyin himoyani yorib o‘tishdan ko‘ra, top-o‘yinlarga tayyorlanish Sulsherning xususiyatlaridan biridir. 

«Lester» mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi. Yetti o‘yindan keyin atigi ikki marta g‘alaba qozongan Rojyers shogirdlari o‘tgan turda 2:0 hisobidagi g‘alabani ushlab qola olmadi. Bundan tashqari, «Yunayted» bilan o‘yinda Ndidi, Fofana kabi futbolchilarning maydonga tusha olmasliklari jamoaga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. 

O‘z navbatida, tarkib borasida «MYu»da muammolar kattaroq. Rafael Varan jamoaga bir necha hafta yordam bera olmaydi, uning markaziy himoyadagi sherigi Harri Maguayr esa kamida mana shu o‘yinda jamoaga yordam bera olishi qiyin. U umumiy guruhga endigina qo‘shildi. Shuningdek, janubiy amerikalik legionerlar Fred va Kavani milliy jamoadagi o‘z o‘yinlarini kecha tongda o‘tkazishda va Sulsher ularning ham yordamidan foydalana olmasligini aytib o‘tdi. Ammo yaxshi xabarlar ham bor – yelkasidan olgan jarohat tufayli uch oydan beri maydondan chetda bo‘lgan Markus Reshford sport formasiga qaytmoqda. Murabbiy hujumchining maydonga tushishga tayyorligini ma'lum qildi. «Lester»ga qarshi so‘nggi 6 o‘yinida 5 gol urgan Markusning safga qaytishi mehmonlarga qo‘shimcha kuch bersa ajab emas.

«Lester» o‘sha 7 yil oldingi mashhur o‘yindan (5:3) beri «MYu» ustidan g‘alaba qozona olmay kelayotgandi. O‘tgan mavsum oxirida nihoyat ikki bor zafar quchdi. Birida «Yunayted» yoshlar tarkibini tushirishga majbur bo‘lganini eslaysiz, ammo Angliya kubogi chorakfinalida aynan «Lester» Sulsher jamoasini sovrin yutishdan mahrum qilgandi. 

A Seriya. 8-tur.

16 oktabr (shanba)

LATsIO – INTeR

O‘yin boshlanish vaqti: 21:00

TV-translatsiya: Sport

Aytish mumkinki, ushbu jamoalar A Seriyaning bu mavsumdagi eng yorqin jamoalari bo‘lishmoqda. To‘g‘ri, «Napoli» hozircha eng kuchli, lekin aynan mana shu ikki jamoa qatnashgan o‘yinlar sermahsul va shiddatli kechgan. «Inter» ishtirokidagi o‘yinlarda 30 gol, «Latsio» qatnashgan o‘yinlarda esa 27 gol urilgan. «Verona» (29 gol) bilan birga, ushbu uchlikning o‘yinlari doim qiziqarli va gollarga boy bo‘lib kelmoqda. 

Foto: imagephotoagency.it

Raqamlar gapirsa, to‘purarlar bahsida ham ushbu ikki jamoa hujumchilari Edin Jyeko va Chiro Immobile 6tadan gol bilan yetakchi. Assistlar soni «Inter» yarimhimoyachisi Nikolo Barellada – 5, uning ta'qibchisi Luis Albertoda 3tadan. Darvozaga aniq zarbalar bo‘yicha Immobile yetakchi bo‘lsa, yaratilgan vaziyatlar Nikolo Barellada eng ko‘p. Qisqasi, bu o‘yin bizga ko‘plab vaziyatlar va chiroyli gollar taqdim etishiga ishonishimiz uchun asoslar yetarli. 

Yana bir qiziq fakt, «Inter» va «Latsio» o‘rtasidagi oxirgi 24 uchrashuvda kuchlar teng – har ikki jamoa 10tadan o‘yinda g‘alaba qozongan. O‘tgan mavsum to‘qnashuvlarida «Inter» o‘z maydonida 3:1 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, Rimdagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi. 

Tarkiblar borasida jamoalar deyarli yo‘qotishlarsiz. Ammo o‘yinlar terma jamoalar yig‘inlaridan so‘ng bo‘layotganini e'tiborga olsak, ba'zi futbolchilar, ayniqsa, janubiy amerikaliklar qanday holatda bo‘lishlarini bilmaymiz va asosiy tarkiblarni taxmin qilish ancha qiyin. Faqatgina «Latsio» himoyachisi Franchesko Acherbi o‘tgan turda «Bolonya»ga qarshi uchrashuvda (0:3) qizil kartochka olganini va diskvalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olmasligini aytib o‘tish mumkin.

YeChLda ikki o‘yinda birorta ham g‘alaba qozona olmagan «Inter» bu o‘yindan ikki kun o‘tib guruh peshqadami «Sherif»ni o‘z maydonida qabul qiladi. Yanada muhimroq bo‘lgan xalqaro o‘yin oldidan «Inter» «Latsio»ga bor kuchini tashlashi ham qiyin bo‘lishi mumkin. 

APL. 8-tur

17 oktabr (yakshanba)

EVeRTON – VeST HEM

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReport

Har ikki jamoani yangi mavsumning kashfiyotlari deyish mumkin. Shu ma'nodaki, garchi tarkib va imkoniyatlar borasida peshqadamlarga eng yaqin klublar bo‘lsa-da, bu jamoalardan barqarorlik kutilmayotgandi. «Vest Hem» o‘tgan mavsumda bir bosh baland sakrab, so‘nggi turlargacha YeChL yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi va odatda, bunday sakrash keyingi yilda biroz pasayishni taqozo qiladi. Yo‘q, Moyyes shogirdlari xuddi o‘rtada tanaffus bo‘lmagandek o‘ynay boshladilar. E'tirofga arzirli holat. 

«Everton»ni esa Anchelotti tark etgach, yangi murabbiy Rafa Benitesga bo‘lgan munosabatlar u qadar iliq emasdi. Buning ustiga Risharlison, Kalvert-Levin kabi yetakchilar jarohat oldilar. Ammo Benites top-klublarni boshqarishdan uzoq bo‘lsa-da, «Everton» kabi jamoalarni yuqori darajada ushlab turishga hali qodir ekan. Taunsend esa aytish mumkinki, o‘tgan ikki oyda APLning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. APL va kubok o‘yinlari doirasidagi 8 uchrashuvda u 5 gol va 3 golli uzatmani amalga oshirib ulgurdi. «Everton» 7 o‘yindan 14 ochko to‘plab, 5-o‘rinda boryapti va peshqadam «Chelsi»dan atigi 2 ochko kam jamg‘argan xolos. 

Ertangi o‘yinda «Everton»ga yuqorida tilga olingan futbolchilardan tashqari, Fabian Delf va Andre Gomesh ham yordam bera olmaydi. To‘rt futbolchining safga qaytishi shu oyning oxirlariga mo‘ljallangan. Mehmonlardan esa faqat Rayan Frederiksning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. U «Yunayted»ga qarshi o‘yinning 17-daqiqasida jarohati tufayli almashtirilgandi. Bu o‘yinga uning qay darajada tayyor bo‘lishi ma'lum emas. 

Qizig‘i, o‘tgan mavsumda bu jamoalarning har ikki to‘qnashuvi, bir xil – 1:0 hisobida yakun topgandi. Ikkala o‘yinda ham mehmon jamoa uch ochkoni qo‘lga kiritib ketgan. Londonda Kalvert-Levin, Liverpuldagi o‘yinda esa Tomash Souchek gol mualliflari bo‘lishgan. 

Bundesliga. 8-tur

17 oktabr (yakshanba)

BAYYeR – BAVARIYa

O‘yin boshlanish vaqti: 18:30

Chetdan shunchaki, qarab yurgan muxlis tasavvurida «Bavariya» hozir Bundesligada istagancha sayr qilib, gollar-shousini namoyish etib yuribdi. Yo‘q, aslida chempionatda «Bavariya» bilan teng ochko jamg‘argan jamoa bor – «Bayyer». Yana ikki jamoa bir ochko kam, ya'ni 15tadan ochkoga ega. Qisqasi, bir mag‘lubiyat myunxenliklarni hatto to‘rtinchi o‘ringa ham tushirib yuborishi mumkin. Barcha musobaqalardagi qatorasiga 7 yirik g‘alabadan keyin «Ayntraxt»dan kutilmagan mag‘lubiyat vaziyatni mana shunday qizg‘in holatga keltirib qo‘ydi. 

«Bayyer» juda yaxshi sport formasida. Leverkuzenliklar barcha musobaqalar doirasidagi qatorasiga besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunladilar. Oxirgi ikki o‘yin bir xil – 4:0 hisobida. Piter Shik 6 gol bilan to‘purarlar bahsida (Holandda 7 ta) kurashmoqda, Florian Virs esa 5 assist bilan Bundesligada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. Jamoa «Bavariya»ni o‘z uyida mag‘lub eta olsa, yaqqol peshqadamga aylanib oladi va keyingi nisbatan og‘ir o‘yin – «Leypsig» safari 28 noyabrda ekanini e'tiborga olsak, yetakchilik uzoq vaqt davom etishi mumkin ham. 

Markaziy o‘yinda mezbonlarga jarohatlangan Mitchell Bakker yordam bera olmaydi. Robert Andrix esa «Shtutgart»ga qarshi kechgan o‘yinda ham gol urgan, ham maydondan chetlatilgandi. Uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan futbolchi avvalgi ikki o‘yinni o‘tkazib yubordi va «Bavariya»ga qarshi ham maydonga tushmaydi. Diskvalifikatsiya qilingan futbolchi mehmonlar tarkibida ham bor. Benjamin Pavar «Groyter»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgandi. 

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi to‘rt o‘yin «Bavariya»ning g‘alabasi bilan yakunlanmoqda. Ammo undan oldingi mavsumda «Bayyer» raqibi ustidan ham uyda, ham safarda ustun kelgandi. Umuman oxirgi 25 o‘yindan 15 tasida «Bavariya»ning qo‘li baland kelgan. 5 o‘yinda «Bayyer» g‘alaba qozongan.

A Seriya. 8-tur

17 oktabr (yakshanba)

YuVeNTUS – ROMA

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: Sport

Yaqindagina «Roma» yo‘qotishsiz borayotgan, «Yuventus» esa g‘alaba qozona olmay, so‘nggi pog‘onalarga tushib ketgandi. Lekin vaziyat o‘zgardi, Mourino shogirdlari «Latsio» va «Verona»dan mag‘lub bo‘lib, hali muammolar yetarli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. «Yuventus» esa qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozonib, endilikda, birgina g‘alaba bilan «Roma»ga 1 ochkolik masofaga yaqinlashib olishi mumkin. To‘g‘ri, turinliklar «Spetsiya», «Sampdoriya» va «Torino» bilan juda qiyin bahslarda minimal hisobda yutganini unutmaslik kerak. Ya'ni, «Yuventus» jiddiy raqibga qarshi ham ijobiy natijaga erisha oladimi, degan savol hamon dolzarb. Allegri shogirdlarida hali katta g‘alabalar yo‘q – «Milan» bilan durang va «Napoli»dan mag‘lubiyat. 

Foto: Getty Images

Uchrashuv o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ha, so‘nggi o‘yinlarda Mourino Shomurodovga ishonch bildirmayapti va terma jamoamiz hujumchisi nari borsa zaxiradan o‘yinga qo‘shilib kelayotgandi. Ammo «Roma»ning asosiy hujumchisi Temmi Abraham Angliyaning Vengriya milliy jamoasiga qarshi o‘yinida jarohat oldi va «Yuventus»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborish ehtimoli katta. Bir paytlar «Yuventus»ga ham o‘tishi taxmin qilingan Eldor turinliklarga qarshi o‘zini ko‘rsatishi va shu orqali murabbiyning ishonchini qayta qozonishi mumkin. 

«Yuventus» tarkibida esa Makenni kelasi oygacha safga qaytmaydi, Morataning tiklanish payti kelgan bo‘lsa-da, hali qay darajada tayyor ekani ma'lum emas. Rabo esa virusga chalingani uchun bir muddat tarkibdan uzoqda bo‘lishga majbur.

La Liga. 9-tur

17 oktabr (yakshanba)

BARSeLONA – VALeNSIYa

O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReport

Ikki haftalik tanaffus har ikki jamoa uchun foydali bo‘lishi kerak. «Barselona» YeChLda «Benfika»dan og‘riqli mag‘lubiyatga uchradi, orqasidan «Atletiko» ham muzdek suv quydi. «Valensiya» esa yaxshi startdan so‘ng, qatorasiga o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. «Real» va «Sevilya»dan mag‘lubiyatlarni tushunish mumkin, ammo «Atletik» bilan uy uchrashuvidagi durang va «Kadis»dagi ochko yo‘qotilishi «ko‘rshapalaklar»ni peshqadamlikdan 8-o‘ringa uloqtirib tashladi. 

Yaxshiyam Madrid jamoalari ham barqaror emas va «Barselona» hali ham peshqadamlardan u qadar orqada qolib ketmadi. Masalan, agar «Sevilya» bilan qoldirilgan o‘yinda kataloniyaliklar g‘alaba qozonadi, deb hisoblasak, jamoa yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 4-o‘rinda va peshqadam uch jamoadan atigi 2 ochko ortda qolmoqda xolos. Umuman, agar hujumdagi o‘yin sifatiga qaraydigan bo‘lsak, «Barselona» yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha ligada 2-o‘rinda ekanini ham e'tirof etish kerak. 

Foto: Getty Images

Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus, Fati va Pedri bilan yangi shartnomalar, Buskets va Gavining terma jamoadagi yorqin o‘yinlari jamoa muhiti va kayfiyatini ijobiy tomonga o‘zgartirganini taxmin qilsa bo‘ladi. Bundan tashqari, «Manchester Siti»dan kelib qo‘shilib, jarohatini davolash bilan mashg‘ul bo‘lgan Serxio Aguero to‘liq tiklandi va chorshanba kuni «Kornella»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi ham. Argentinalik hujumchi nihoyat maydonga tushishi va Kuman jamoasida yetishmayotgan a'zoga aylanishi mumkin. Ansu Fati ham asosiy tarkibda tushishi kutilmoqda. Murabbiy uni faqat zaxiradan tushirayotgandi va bu futbolchining hali optimal formaga qaytmagani bilan izohlanayotgandi. Mezbonlar tarkibida Pedridan tashqari, Arauxo jamoaga yordam bera olmaydi. «Valensiya» tarkibida esa Omar Alderete maydonga tusha olmaydi. 8 o‘yinda allaqachon 5 sariq kartochka olib ulgurgan himoyachi diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Qizig‘i, u milliy jamoasi safida Chiliga qarshi o‘yinda qizil kartochka olib, u yerda ham diskvalifikatsiyaga uchradi. 

Jamoalar so‘nggi bor to‘qnashganda juda shiddatli bahs kechgan va «Barselona» 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Lekin aynan «Kamp Nou»da vaziyat boshqacha bo‘lgan. O‘tgan yilning oxirida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 2:2 hisobida durang qayd etilgandi. 

BOShQA O‘YINLAR

16 oktabr. Uotford – LIVeRPUL (16:30), BORUSSIYa D – Mayns (18:30), Frayburg – LeYPsIG (18:30), MANCheSTeR SITI – Byornli (19:00), Brentford – CheLSI (21:30), MILAN – Verona (23:45)

17 oktabr. Empoli – ATALANTA (18:00), NAPOLI – Torino (21:00).

Top