11:11 / 18.10.2021
4942

O‘zbekistonlik harbiylar «Kembriya patruli» musobaqasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi turli murakkab shartlardan iborat 90 km masofani 37 soatda bosib o‘tib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Xalqaro musobaqa natijalariga ko‘ra, I o‘rin va oltin medallarni mezbon – Buyuk Britaniya jamoasi, II o‘rin va kumush medalni O‘zbekiston jamoasi, III o‘rin va bronza medallarni Amerika Qo‘shma Shtatlari jamoasi egalladi.

29 sentyabrdan 17 oktyabrga qadar davom etgan razvedka va maxsus bo‘linmalarning «Kembriya patruli» musobaqasida 18 ta davlat: Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Daniya, Indoneziya, Shveytsariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat 103 ta jamoa qatnashgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Musobaqa konkurslaridagi yo‘nalish 90 km masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8–10 kmda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi. Jumladan, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan 3 km masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlar ham bajarildi.

Bundan tashqari, jamoalarga 8 ta kutilmagan «test syurpriz» (xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me'yorlarni bajarish, Jyeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me'yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo‘yicha bildiruv berish) topshiriqlari ham berilgan edi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Top