20:42 / 24.10.2021
43740

Nemislarning g‘azabini keltirgan «Oqsoq xonim» – amerikalik josus ayol tarixi

Britaniya razvedkasi tarkibida ishlagan amerikalik josus Virjiniya Holl ko‘p operatsiyalarni yolg‘iz bajargan. O‘zini sezdirib qo‘ymaslik uchun qiyofasini qoyillatib o‘zgartirgan. Hollni qo‘lga ololmagan nemislar, uni Ikkinchi jahon urushidagi eng xavfli agentlardan biri deb atagan.

Foto: Getty Images

Virjiniya Holl asli amerikalik bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi yillarida Fransiyada Buyuk Britaniyaning Maxsus operatsiyalar maxfiy boshqarmasi va Amerika strategik ofisi tarkibida josus bo‘lib ishlagan. Bu ikki tashkilotning maqsadi – Yevropa hududlarida nemislarga qarshi josuslik qilish, razvedka va sabotaj o‘tkazish, Fransiyadagi qarshilik guruhlari bilan birlashib, ularni qurol-yarog‘ bilan ta'minlab turish bo‘lgan.

27 yoshida oyog‘idan ajraladi

Virjiniya Holl 1906 yil 6 aprelda AQShning Merilend shtatida badavlat oilada tug‘iladi. Maktabdan keyin Kolumbiya universitetiga qarashli Barnard kollejida o‘qib, fransuz, italyan va nemis tillarini o‘rganadi. Yangi bilimlarni o‘rganishga qiziqish Hollni Vashington universitetining iqtisod fakultetiga yetaklaydi. O‘qishini Yevropada davom ettirishni xohlagan Holl Fransiya, Germaniya va Avstriyada ta'lim oladi. Shundan keyin ish faoliyatini boshlaydi. 1931 yil Polshaning Varshava shahridagi Amerika elchixonasida konsullik xizmati xodimiga aylanadi. Holl ish bilan Turkiyaga jo‘natilganda baxsiz hodisa yuz beradi. Izmirda ovga chiqqanda o‘zining chap oyog‘iga tasodifan o‘q uzib yuboradi, shifokorlar uning oyog‘ini kesib tashlab, o‘rniga yog‘och oyoq qo‘yishga majbur bo‘lishadi. O‘shanda u endi 27 yoshda edi.

Yog‘och oyoq sabab ushalmagan orzu

Virjiniya Holl bir necha tilni biladigan va Yevropa haqida keng bilimga ega ayol bo‘lgan. Turli davlatlarda konsullik xodimi sifatida ishlagan Hollning eng katta orzusi AQSh elchisi lavozimiga tayinlanish edi. Biroq Holl ayol kishi ekani, buning ustiga nogironligi sabab bu armon bo‘lib qoldi. Hollning Tashqi ishlar vazirligiga topshirgan imtihoni varaqalari sirli ravishda yo‘qoladi. O‘zi ham nogironlar aravachasidan foydalanishiga qaramay, prezident Franklin Ruzvelt bu xizmatga imkoniyati cheklanganlarni qabul qilishga qarshi chiqadi.

Bundan ranjigan Holl 1940 yil ko‘ngilli sifatida xizmat qilish uchun Fransiya front chizig‘iga jo‘naydi. Bu yerda tez yordam mashinalarini haydab, hujum maydonlaridan yaradorlarni yig‘adi va ularga yordam beradi. Bu paytda nemislar va fransuzlar o‘rtasida jang ketayotgandi.

Britaniya razvedkasiga zarur ayg‘oqchi

Nemislar Fransiyani taslim qilgandan keyin, Hollning bu yerda qiladigan ishi qolmaydi. U Londonga borib Britaniyaga yordam berishga qaror qiladi. Poyezdda Britaniya razvedkasi ofitseri Jorj Bellovs bilan uchrashib qoladi. Agent qisqa suhbatda Hollning Britaniya Maxsus operatsiyalar maxfiy boshqarmasiga kerakli odam ekanini payqaydi.

Boshqarma rahbarlari xizmatga ayol kishini va xorijliklarni olishni xohlashmasdi. Bundaylarni dushman hududiga yuborish taqiqlangandi. Ammo tashkilot 6 oydan beri Fransiyaga 1 nafar ham ayg‘oqchi kirgiza olmayotgandi. Chunki Fransiyada nemislarning 3-hujumi boshlanib, yashab qolish imkoniyati 50ga 50 bo‘lgan vaziyatda deyarli hech kim u yerda josuslik qilishni istamasdi. Holl bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qiladi va Fransiyaga jo‘naydi. Bu bilan u Maxsus operatsiyalar maxfiy boshqarmasining Londondan jo‘natilgan ilk ayol xizmatchisiga aylandi. Butun urush davomida boshqarmaning Fransiya bo‘limiga jami 41 nafar ayol josus jo‘natilib, ularning 26 nafari tirik qolgan. Shulardan biri Holl edi. U Fransiyada norozilik harakatlarini tashkil qilish, agentlarni pul, qurol va materiallar bilan ta'minlash, yarador agent, uchuvchilarga xavfsiz turar joy topib berish va tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini bajaradi.

«Bir bo‘lak sovun meni juda xursand qilgan bo‘lar edi»

New York Times muxbiri sifatida Fransiyada o‘zini tanitishi Hollga ma'lumotlar yig‘ish, odamlar bilan intervyular qilish va harbiy rejalar uchun kerakli hujjatlar to‘plash imkonini bergan. U o‘zini sezdirib qo‘ymaslik uchun tez-tez qiyofasini o‘zgartirib turishga majbur bo‘lgan. 1941–1942 yillarning qishi Holl uchun juda og‘ir o‘tadi. Chunki bu paytda nemislar angliyalik josuslar iziga tushishgan va bir necha kishini qo‘lga olishgandi. Holl Maxsus operatsiyalar maxfiy boshqarmasiga yozgan xatida shunday deydi: «Menga bir bo‘lak sovun jo‘natsangiz, o‘zimni juda xursand va toza his qilgan bo‘lar edim». 

Yog‘och oyoqda bosib o‘tilgan 50 kilometr

Holl 1941 yil oktyabrda qo‘lga olingan 12 josus Fransiyaning Mauzak qamoqxonasida saqlanayotganini bilib qoladi. U qamoqdagilardan birining rafiqasi bilan mahbuslarni ozod qilish rejasini tuzadi. Ayol eriga ovqat olib kelish bilan birga, kalit yasash uchun asboblar ham keltirib bergan. Shunday qilib, 1942 yilda mahbuslar qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘lishadi. Bundan g‘azablangan nemislar Hollning iziga tushishadi. U 50 kilometrni piyoda bosib o‘tib, Ispaniya chegarasiga o‘tib oladi. Chegaradan noqonuniy o‘tgani uchun bu yerda uni qamoqqa olishadi, biroq AQSh elchixonasi yordami bilan Holl ozod bo‘ladi.

Keksa ayol ko‘rinishidagi ayg‘oqchi

Holl Strategik xizmat boshqarmasi rahbari, general Donovandan ko‘rsatgan xizmatlari uchun orden qabul qilib olmoqda

Londonga qaytgach, maxsus xizmatdagilar unga Fransiyaga qaytib borishiga ruxsat berishmaydi. Shu sabab u Amerika strategik ofisi bilan bog‘landi. ASO Holl uchun soxta fransuz guvohnomasini tayyorlaydi va 1944 yil uni Fransiyaga jo‘natadi. ASO maqsadi – Fransiyadagi «Maquis» deb nomlangan qarshilik guruhlarini qurollantirish va o‘qitish edi. Ular shu yo‘l bilan «Maquis»larning 1944 yil iyunda Normandiyaga bostirib kirishi, sabotaj va partizanlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlari mumkin edi.

Holl Fransiyaga keksa ayol qiyofasida qaytdi. U Parij janubini keksa sut sotuvchi bo‘lib kezadi. Nemis askarlari guruhiga pishloq tayyorlab sotadi. Shu bilan birga, yuz kishidan iborat bir nechta qarshilik guruhlarini qurol bilan ta'minlaydi.

1943–1944 yillar oralig‘ida Virjiniya Holl va uning qarshilik guruhlari 4ta ko‘prikni vayron qilishgan, bir nechta temir yo‘llarni kesib, o‘nlab yuk poyezdlarini izdan chiqarishgan. 150 nemis askarini o‘ldirib, 300 nafarini asirga olishgan.

Holl urushdan keyin ham AQSh uchun foydali shaxs edi. U 1947 yilda Markaziy razvedka boshqarmasiga ishga kiradi va razvedka tahlilchisi sifatida sovet ittifoqining Yevropa mamlakatlariga kirib borishiga oid muhim ma'lumotlarni to‘playdi. Keyinchalik Yevropada kommunizm tarqalishining oldini olish uchun tuzilgan maxfiy xizmatda faoliyat yuritadi. Markaziy razvedka boshqarmasi Hollni o‘z tarixidagi eng operativ 5 xodimdan biri deb e'tirof etgan.

Top