«Afg‘onistonda hozirda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biri yuzaga kelgan, agar eng og‘iri bo‘lmasa. Ish falokat sari ketmoqda», degan Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.
«Tolibon» harakati avgust oyida xorij harbiylari olib chiqib ketilishi ortidan Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgandi.
Hokimiyat almashuvi shusiz ham zaif, bungacha chetdan keladigan yordamlarga qarab bo‘lib kelgan Afg‘oniston iqtisodiyotini yanada kuchsizlashtirdi. G‘arbdagi derjavalar yordam ko‘rsatishni to‘xtatishdi, Jahon banki va Xalqaro valuta fondi moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi, mamlakatning to‘qqiz milliard dollarga yaqin valuta zaxirasi AQSh markaziy banki tomonidan muzlatib qo‘yilgan - toliblar ega chiqmasligi uchun. Yordam qachon tiklanishi noma'lum, chunki toliblarning hukumatini dunyoda deyarli hech bir davlat tan olmayapti.
Qaysidir davlat YaIMning kamida 10 foizlik ulushini tashqi yordam tashkil etsa, bu davlat xorijdan keluvchi yordamga qaram hisoblanadi. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston yalpi ichki mahsulotining 40 foizga yaqin qismini xalqaro yordamlar tashkil etgan.
Hozirda ko‘plab afg‘onlar ovqat sotib olish uchun o‘z mulklarini sotishga majbur bo‘lmoqda. Toliblar ma'muriyati xorijdagi aktivlardan foydalana olmaydi, bu shuni anglatadiki, davlat xizmatchilariga maosh to‘lash uchun ham pul yo‘q.
«Men oxirgi bor besh oy muqaddam maosh olgandim. Yashash qiyin. Men uyimizdagi bor narsani sotdim. Biz uy jonivorlarini sotdik, o‘tin qilish uchun daraxtlarimizni kesdik», deydi Hirotdagi o‘qituvchilardan biri BBC bilan suhbatda.
Kobul aholisining ko‘pchilik qismini tashkil etuvchi qashshoqlar uchun asosiy muammo - ochdan o‘lmaslik uchun har kuni bir necha yuz afg‘oniy topish hisoblanadi.

Erta tongda Kobuldagi bozorlardan birining oldida kunlik ish topish uchun bir necha yuz quruvchi to‘planadi.
Shahardagi katta qurilishlar to‘xtab qolgan. Banklar yopiq. Xorijdan moliyalashtirish oqimi ham yopilgan, bori ham dengizdan tomchilar.


















