O‘zbekiston | 20:05 / 27.10.2021
3859
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda import qilinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi

Joriy yil hosilidan boshlab 3 yil davomida, paxtani Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida mashinada terish xarajatining 30 foizi budjetdan qoplab beriladi.

O‘zbekistonda import qilinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, butlovchi va ehtiyot qismlari bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

«Bugungi kunda 100 mingdan ziyod yoki qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarining 40 foizi muddatini to‘liq o‘tab bo‘lgan. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olishda, kredit foizlari stavkasi yuqori (24 foizgacha) va muddatlari qisqa (3-5 yilgacha).

Endi, kelgusi yildan boshlab, qishloq xo‘jaligi uchun texnika sotib olishda kredit xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi, davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu maqsadlarga, kelgusi 3 yilda 1 trillion so‘m yo‘naltiramiz.

Bundan tashqari, joriy yil hosilidan boshlab 3 yil davomida, paxtani Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida mashinada terish xarajatining 30 foizi budjetdan qoplab beriladi.

Shuningdek, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Buning hisobiga, klaster va fermerlar texnikani 35 foizgacha arzon xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar», deydi prezident.

Videoselektorda chetdan olib kelingan texnikalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etilishi ma'lum qilindi (hozirda 120 kun). Shuningdek, lazerli tekislash uskunalari va don urug‘ seyalkalarini xarid qilish uchun, kelgusi yilda 50 milliard so‘m subsidiya va bojxona imtiyozlari beriladi.

«Klasterlar va fermerlarga serhosil va kasalliklarga chidamli yangi urug‘ navlarini ekishga shart-sharoitlar yaratiladi. Hanuzgacha 30-40 yil davomida asosan 8 turdagi eski g‘o‘za va g‘alla navlari ishlatilayotgani tufayli, hosildorlik keskin oshmayapti.

Shuning uchun, yangi navlar maydonlarini kengaytirish orqali, paxtada hosildorlikni 60 sentnergacha, g‘allada esa 80 sentnerga yetkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda, yil yakuniga qadar ilmiy institutlarga, yuqori avlodli urug‘liklar tayyorlash uchun 10 million dollar ajratiladi.

Jumladan, kelgusi 2 yilda yangi 40 dan ziyod paxta navlari sinovdan o‘tkazilib, eng istiqbolli 10 ta nav tanlab olinadi. Buning hisobidan, ekilayotgan 30 foiz g‘o‘za navlari yangilanadi», dedi davlat rahbari.

Shuningdek, fermer va klasterlarga, paxta hamda g‘allaning eng hosildor navlarini import qilish va mustaqil joylashtirishga ruxsat beriladi. «O‘zdonmahsulot» tizimidagi 20 ta urug‘lik don tayyorlash sexlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi Urug‘chilik markaziga o‘tkazilib, 16 million dollar hisobiga, to‘liq modernizatsiya qilinadi.

«Hosildorlikni oshirishning eng samarali yo‘llaridan yana biri, bu albatta, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdir. Endi, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha mutlaqo yangi, ochiq-oshkora tizim joriy etiladi.

Bunda, ushbu texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar, tijorat banklari tomonidan kamida 5 yilga beriladi (hozirda ushbu kreditlar 3 yilgacha ajratilmoqda). 

Shu bilan birga, subsidiya ajratish tizimi ham takomillashtiriladi. Jumladan, birinchi yili subsidiyaning 50 foizi berilib, hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab, kelgusi yili qolgan 50 foizi to‘lab beriladi.

Yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga, uchinchi yilda yana 20 foiz subsidiya beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatuvchi korxonalarning yagona elektron reyestri joriy qilinib, subsidiyalar unga kirgan korxonalar ishtirokida amalga oshirilgan loyihalarga beriladi. Kelgusi yilda ushbu maqsadlarga budjetdan 1,5 trillion so‘m ajratiladi.

Umuman olganda, bugun muhokama qilingan tashabbuslar ijrosi bo‘yicha 10 dan ziyod Farmon va qarorlar qabul qilinadi. Bunga yiliga jami 25 trillion so‘m yo‘naltiramiz»,  dedi davlat rahbari.

Klasterlarga paxta tolasini qayta ishlash darajasiga qarab, moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilishi ma'lum qilindi.

«Bunda, eng avvalo, matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab davlat hisobidan moliyaviy grantlar ajratiladi. Misol uchun, 5 million dollarlik, sutkasiga 10 tonna matoni bo‘yash kompleksini xarid qilish uchun 500 ming dollar grant beriladi. Ushbu maqsadlarda loyihalarni kreditlash uchun yana 150 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan stavkasi 4-5 foizdan oshmagan 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi.

Ip-kalavadan tashqari, bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda ularning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalariga, 3 yil muddatga ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 12 foiz o‘rniga, 1 foiz qilib belgilanadi.

Shuningdek, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga, korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi», dedi prezident.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid