Toshkent shahridagi propiska balosi bu borada korrupsiyani urchitganidan barchamiz xabardormiz. Shuningdek, noqonuniy nikohlar ko‘payib ketgani va uning oqibatlari ham hech kimga sir emas. Minglab xonadonlar va boshqa ko‘chmas mulklar propiskasi borlarning nomiga olinganini-ku qo‘yavering.
Yaxshiyamki, Toshkent shahridagi propiska balosi barham topdi. Lekin uning asorati ancha-muncha cho‘ziladigan ko‘rinadi yoki qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, “Birovni nomida bo‘lgan mulkimni olib bering”, degan da'volar sudlarda ko‘rilaveradi. Qonuniy qaror qabul qilinaveradi. Ammo adolatni doim qo‘llab bo‘larmikin?..
Agar da'vogarga “Yo‘q, adolat shundaki, siz o‘sha paytda qonunni chetlab o‘tgansiz, ayb sizda, chunki siz o‘z qo‘lingiz bilan o‘z mablag‘ingizga ko‘chmas mulk olib, tanishingiz, “zavjangiz” nomiga rasmiylashtirib bergansiz, ya'ni oldi-sotdi shartnoma siz bilan emas sotuvchi va ular o‘rtasida imzolangan”, desangiz; yoxud: “Noqonuniy nikoh qurish asnosida, o‘z oilangizni ham aldagansiz, “faqat propiska uchun” degansiz, ammo “ko‘zingizga yaxshi ko‘ringan ayol tanishingiz”ga mulk va'da qilgansiz, undan foydalanmoqchi bo‘lgansiz, hozircha pul bo‘lsa bor, biroz davron suray degansiz”, kabilarni aytsangiz ham baribir bu bechora adolat, lafz, omonat yig‘lab qolaveradi. Uning ustidan esa xiyonat kulib yuraveradi.
Endi bu masalani chuqur o‘ylash kerak, o‘ylaganda ham ko‘pchilik bo‘lib, gina-kudratni unutib, xafa bo‘lib qolish o‘yinini unutib, bugunki kunda shu ijtimoiy muammo darajasiga ko‘tarilgan masalani butun bir jamoatchilik bo‘lib o‘ylash shart...
Nega? Chunki hamma ham yuqoridagi maqsadlar bilan ko‘chmas mulkni birovning nomiga olmagan. 99 foiz holatda propiskaga ehtiyoj sezilganidan, ishga kirish uchun propiska kerak bo‘lganidan, farzandlari poytaxtda o‘qishi uchun uy-joy kerak bo‘lganidan olgan bu mulklarni.
To‘g‘ri, soliq deklaratsiyasidan qochib, mablag‘larni legallashtirish va boshqa asoslar bilan ham uy-joylarni boshqalar nomiga olib, keyin majbur bo‘lib sudga da'vo qilish holatlari ham bor. Bugungi mavzu esa bu emas.
Agar Toshkent shahridagi ikkilamchi uy bozoridan birovning nomiga olingan uy-joylarni kimlar tomonidan olinganini tahlil qilsak, birinchi o‘rinda chetda oilasi uchun ishlab, pul topayotgan migrantlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. Keyingi o‘rinda O‘zbekistonning turli hududlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va ma'lum mablag‘i bor-u, propiskasi yo‘q yurtdoshlarimiz, shuningdek, turli viloyatlar miqyosidagi katta-kichik, sobiq va boshqa davlat xizmatchilari, ularning oila a'zolari, qarindosh-urug‘lari hamda ularga yaqin kishilarning hissasiga to‘g‘ri keladi.
















