17:18 / 29.10.2021
3988

Minsk AQSh elchixonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi va USAID ofisini yopishni talab qildi

Shuningdek, Belarus hukumati elchixonadan 20 nafardan ortiq belaruslik xodimlarni ishdan bo‘shatishni talab qilmoqda.

Foto: Sputnik

Belarus AQSh elchixonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi va AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), jumladan, Amerika markazi ofisini yopishni talab qildi.

AQShning Belarusdagi maxsus vakili Juli Fisherning bayonotida aytilishicha, 20 oktabr kuni Belarus hukumati Qo‘shma Shtatlarni ushbu qaror haqida xabardor qilgan.

Shuningdek, Belarus hukumati elchixonani 20 nafardan ortiq belaruslik xodimlarni ishdan bo‘shatishga majbur qilmoqda, deb ma'lum qildi AQSh vakili.

Bayonotda aytilishicha, ushbu choralar Amerika tomonini belarus xalqiga foyda keltirgan hamda ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilgan axborot berish va hamkorlik bo‘yicha ishlardan voz kechishga majbur qila olmaydi.

O‘tgan yil avgustda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan so‘ng AQSh respublikaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirgandi. Minsk bu qarorni nodo‘stona deb atadi va Juli Fisherning AQShning Minskdagi elchisi bo‘lishiga rozilik bermadi. Mamlakat hukumati talabi bilan Amerika elchixonasi diplomatik missiya shtatini qisqartirdi.

Top