13:21 / 30.10.2021
11197

Paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 5 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi

2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 5  nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Vazirlik xabariga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruhlari tomonidan respublika barcha tumanlaridagi 13 mingga yaqin tashkilot, fermer xo‘jaliklari hamda paxta dalalari o‘rganildi.

Davlat mehnat inspeksiyasiga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 128 ta murojaat kelib tushib, shundan, call markaz orqali 54 ta, sayt orqali 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.

O‘tkazilgan monitoringlar va murojaatlarni o‘rganish natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzgani uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198,4 mln so‘m miqdorda ma'muriy jarima tayinlangan.

Ma'lum qilinishicha, paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5  nafar mansabdor shaxs Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.

Bundan tashqari, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmagani, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmagani, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.

“Davlat mehnat inspeksiyasi respublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketayotganini ta'kidlab, majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolarimizdan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishlarini so‘raydi”, deyiladi ma'lumotda.

Top