O‘zbekiston | 13:06 / 01.11.2021
2648
5 daqiqa o‘qiladi

Neft zavodlarining maxsus iste'molchilarga sotiladigan dizel uchun chegirmasi bekor qilinadi

Foto: Depositphotos

“Prezidentning “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Prezidentning “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2020 yil 1 maydan boshlab:

budjet tashkilotlari, paxta xomashyosi va g‘alla ishlab chiqaruvchi fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Toshshahartransxizmat”, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha davlat korxonalariga (maxsus iste'molchilar) dizel yonilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yonilg‘isi) o‘tgan chorakdagi birja savdolari natijalariga ko‘ra shakllangan o‘rtacha birja narxlari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida;

ularga neftni qayta ishlash zavodlaridan neft mahsulotlarini birja savdolari orqali xarid qilish huquqini taqdim etgan holda sotish hamda neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan “O‘zbekneftgaz” neft bazalarining buyurtmanomalariga ko‘ra maxsus iste'molchilarga sotilgan dizel yonilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yonilg‘isi) hajmi uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan belgilanadigan chegirmani taqdim etish tartibi belgilangan.

Yangi qaror loyihasida yuqorida ko‘rsatilgan tartibning bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bildirilishicha, 2020 yilning may oyidan boshlab 2021 yilning may oyiga qadar (1 yil) “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi neft bazalari tomonidan maxsus iste'molchilarga o‘rtacha kotirovkalarda 179,8 ming tonna EKO rusumli dizel yonilg‘isi, shundan 17,9 ming tonna yoki 9,9 foizi budjet tashkilotlariga, 6,1 ming tonna yoki 3,4 foizi “Toshshahartransxizmat”ga, 2,6 ming tonna yoki 1,4 foizi maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha davlat korxonalariga, 153,2 ming tonna yoki 85,2 foizi paxta xomashyosi va g‘alla ishlab chiqaruvchi fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi korxonalarga yetkazib berilgan.

Shu bilan birga, prezident qaroriga muvofiq 2020 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosi xarid narxini belgilash amaliyotidan bekor qilingan hamda respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlang‘ich narx shakllanishida amalda qo‘llanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilingan.

Bundan tashqari, prezident qaroriga muvofiq 2021 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi hamda davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi.

Yetishtiriladigan g‘alla barcha iste'molchilarga, shu jumladan donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin narxlarda sotilishi belgilangan.

Hujjatda aytilishicha, bugungi kunda davlat buyurtmasi asosida paxta xomashyosi va g‘alla mahsulotini xarid qilish, bunda xarid uchun bozor narxlaridan past narxlarni belgilash amaliyoti bekor qilinganini inobatga olgan holda, dizel yonilg‘isini (jumladan EKO markali) o‘rtacha kotirovkalarda yetkazib berish o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.

“Bundan tashqari, hozirgi kunda paxtachilik va g‘allachilik sohasida faoliyat yuritayotgan klasterlar va boshqa tashkilotlarning birja orqali yoki import hisobiga zarur bo‘lgan yonilg‘i-moylash mahsulotlari va boshqalarni birja orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqaruvchilardan yoki import orqali xarid qilish imkoniyatlari mavjud.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 4 apreldagi PQ-4664-son qarori 8-bandining to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari chiqarib tashlanishi maqsadga muvofiq”, deyilgan qaror loyihasida.

Mavzuga oid