Zamonaviy dengiz neft-gaz platformalari muhandislik san’atining eng yirik namunalaridan biri sanaladi. Bu majmualar burg‘ulash uskunalari, xomashyoni qayta ishlash tizimlari, saqlash rezervuarlari va yuzlab mutaxassislar yashaydigan turar joy bloklarini o‘zida mujassam etadi.

Ochiq dengizdagi qattiq shamollar, baland to‘lqinlar va ekstremal iqlim sharoitiga qaramay, ushbu inshootlar yillar davomida uzluksiz ishlaydi.

Hibernia — aysberglarga qarshi qurilgan gigant

Kanadaning Nyufaundlend orolidan taxminan 315 kilometr sharqda joylashgan Hibernia platformasi tarixdagi eng og‘ir dengiz neft platformalaridan biri hisoblanadi.

Platformaning ekspluatatsiya vaqtidagi umumiy og‘irligi 600 ming tonnadan ortiq bo‘lib, beton konstruksiyasi, ballast va saqlanayotgan suyuqliklar bilan birga vazni 1 million tonnadan oshib ketadi.

Muhandislar uni shunday loyihalashtirganki, Hibernia 1 million tonna og‘irlikdagi aysberg bilan to‘qnashuvga ham bardosh bera oladi. Hatto 6 million tonna vaznga ega aysberg bilan to‘qnashganda ham inshoot ta’mirlash mumkin bo‘lgan darajada zarar ko‘radi.

Bugungi kunda Hibernia Kanadaning eng muhim neft qazib olish obektlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

«Berkut» — Rossiyaning subarktika giganti

Rossiyaning Saxalin oroli yaqinida joylashgan «Berkut» platformasi dunyodagi eng yirik neft-gaz inshootlaridan biri hisoblanadi.

Uning umumiy og‘irligi 200 ming tonnadan oshadi. Loyiha ExxonMobil, «Rosneft», Yaponiya va Hindiston kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lib, qurilish qiymati taxminan 12 milliard dollarga baholanadi.

Platforma uchun 52 ming kub metr beton va 27 ming tonna po‘lat sarflangan.

«Berkut» minus 44 daraja sovuqda va 18 metr balandlikdagi to‘lqinlarda ham ishlay oladi. Uning uzunligi 105 metr, kengligi 60 metr va umumiy balandligi 144 metrni tashkil etadi.